Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchilar bilan ochiq muloqot
16:40 / 2025-05-22

Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson manfaatlari oliy qadriyat ekani mujassam. Boisi xalq bilan muloqot davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

 Har bir sohadagi mutasaddi rahbar o‘z xodimlari bilan, xalq vakili esa aholi bilan muloqot qilib, ularning muammolarini, dardu tashvishlarini o‘rganmoqda. Vakolati doirasida masalalarni hal etish choralarini ko‘rmoqda.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining viloyat hamda tumanlarda keng jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazayotgan ochiq muloqotlari fuqarolar roziligiga sabab bo‘layotganini e’tirof etish zarur.  

Qo‘mitaning navbatdagi ochiq muloqoti Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tdi.  

Muloqotda dastlab 2024 yil yakunlari va 2025 yil 1-choragida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot taqdim etildi.

Murojaatlar va o‘rganishlar natijasida 2024 yil davomida 20 mlrd so‘mdan ortiq hamda 2025 yil 1-chorakda 1,5 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘lari iste’molchilar va tadbirkorlik sub’ektlari foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.

Uchrashuvda fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaat va takliflar tinglanib, ularni hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Jumladan, Z.Bobonazarovaning iste’molchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi bosimi pastligi, shuningdek o‘z vaqtida yetkazib berilmayotganligi haqidagi murojaati qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun ijroga yo‘naltirildi.

Murojaatchi Z.Xushboqova biznesni rivojlantirish bo‘yicha onlayn darsni muddatli to‘lov asosida sotib olgan. Biroq dars mazmuni reklamada ko‘rsatilganidek emasligi aniqlangan. Natijada murojaatchining to‘lovlari qayta hisob-kitob qilinib, ijobiy hal etilgan. 

Bunday ochiq muloqotlar aholi, tadbirkorlar va davlat organlari o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlash, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularni tezkorlik bilan hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

N.Rahmonova, O‘zA