English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchi zimmasiga asossiz yozilgan qarzdorlik sud tomonidan bekor qilindi
11:52 / 2025-12-02

Qashqadaryo viloyatida elektr energiyasi bo‘yicha asossiz hisoblangan qarzdorlik yuzaga kelishi hamon dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, kommunal xizmatlarda texnik nosozliklar yoki hisob-kitobdagi xatolar tufayli noreal qarzdorliklar vujudga kelishi holatlari iste’molchilar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Koson tumanida yashovchi fuqaro Salimbek Itolmasov ham ana shunday holatga duch kelgan. Uning nomiga “Hududiy elektr tarmoqlari”AJ Qashqadaryo hududiy filiali tomonidan 10 million 732 ming 69 so‘m miqdoridagi noreal qarzdorlik hisoblangan. Fuqaro mazkur holatdan norozi bo‘lib, Koson tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.

Jamiyat mutaxassislari tomonidan huquqiy yordam ko‘rsatilgan holda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sudda jamiyat fuqaroning manfaatini himoya qilib, asossiz deb topilgan qarzdorlikni qayta hisob-kitob qilish masalasini ko‘tardi.

Sud muhokamalari yakunida iste’molchi nomiga yuklatilgan qarzdorlik haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi inobatga olinib, mazkur mablag‘ noreal qarzdorlik sifatida bekor qilindi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday holatlar iste’molchilarning o‘z huquqlarini bilishi va ularni vaqtida himoya qilishi qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi. Agar xizmat ko‘rsatuvchi korxona shartnoma majburiyatlarini bajarmasa yoki hisob-kitobda xatoga yo‘l qo‘ysa, har bir fuqaro amaldagi qonunchilik asosida o‘z manfaatlarini himoya qilish imkoniga ega.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri