O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va “RealSoft” kompaniyasi hamkorligida “Iste’molchi” mobil ilovasi ishlab chiqildi.
Ilovada moddiy ta’minotning ochiqligini ta’minlash, yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yish, norasmiy ish o‘rinlarini kamaytirish, soliq yuki va to‘lovlar shaffofligini oshirishga qaratilgan bir qator funksional imkoniyatlar yaratilgan.

Shuningdek, iste’molchilar o‘z huquqlari buzilgan holatlarda federatsiyaga tezkor murojaat yuborish imkoniga ega bo‘ladi. Ilovaga kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan “Yashil to’lov” tizimi ham integratsiya qilinadi.
“Iste’molchi” mobil ilovasi federatsiya xodimlari va a’zolariga iste’molchilar huquqlarini buzuvchi holatlarni aniqlash va samarali nazorat qilish imkonini beradi.

Shu bilan birga, foydalanuvchilarga huquqiy savodxonlikni oshirish maqsadida video yo‘riqnomalar, testlar va elektron sertifikatlar ham taqdim etiladi.
Ushbu innovatsion yechimlar sohadagi huquqbuzarliklarni kamaytirish, tadbirkorlarni qonuniy faoliyat yuritishga yo‘naltirish hamda iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishda yangi bosqichni boshlab beradi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA