Buxoro shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Buxoro shahar «Ashxobod» ko‘chasida yashovchi fuqaro X.R.dan murojaat kelib tushgan.
Murojaatda yozilishicha, 2018 yil 30 mayda Buxoro shahar hokimiyati "Buxara Eko Stroy Servis Plyus“ MCHJ hamda fuqaro X.R. o‘rtasida kelishuv bitimi imzolangan. Unga ko‘ra, shahar hokimligi ”Buxara Eko Stroy Servis Plyus" MCHJga bosh reja asosida ko‘p qavatli turar-joy qurish uchun yer uchastkasini ajratishi evaziga buzilishi rejalashtirilgan, X.R.ga tegishli uyni zaxiraga qaytarib, yakka tartibda uy-joy qurish uchun 400 kv.metr yer uchastkasi ajratilishi, MCHJ esa qurilish muddati davomida ijarada yashash uchun fuqaroni uy-joy bilan ta’minlash va qurilish ishlari tugallangandan so‘ng, mazkur ob’ektdan 3 xonali ta’mirlangan uy-joyni bepul berish majburiyatini olgan.
Shuningdek, jamiyat va fuqaro o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, 2021 yil 26 yanvarga qadar "Buxara Eko Stroy Servis Plyus" MCHJ fuqaroga Buxoro shahar Ibn Sino ko‘chasi 53-uydan 101,5 kv.metrdan iborat xonadonni, 2021 yil 31 dekabrgacha esa Ibn Sino ko‘chasidagi 50-uydan 86 kv.metrdan iborat xonadonni topshirishi kerak bo‘lgan. Ammo shartnoma shartlari jiddiy ravishda buzilib, javobgar tomonidan uy-joy o‘z vaqtida qurib topshirilmagan. 4 million so‘mlik ijara pullari ham to‘lanmagan. Natijada, fuqaro 5 yildan beri uysiz qolib ketgan.
Ushbu murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Sud qaroriga ko‘ra, javobgar "Buxara Eko Stroy Servis Plyus" MCHJdan fuqaro X.R. foydasiga 383 million 182 ming 592 so‘m kompensatsiya, 4 million so‘m ijara haqi, 106 million 575 ming so‘m miqdorida foiz to‘lovi, 10 million so‘m ma’naviy zarar, jami 503 million 757 ming 592 so‘m va pochta xarajatlari uchun to‘langan 30 ming so‘m, shuningdek,19 million 750 ming 592 so‘m davlat boji undirilishi belgilandi.
O‘zA