Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchi huquqlari himoyada
18:13 / 2025-11-12

Nurafshon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda boshqarmaning joriy yil boshidan beri amalga oshirgan ishlari yuzasidan OAV vakillari va blogerlarga axborot berildi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan 9 oyda boshqarmaga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 2 ming 456 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1 ming 998 tasi qanoatlantirilgan, 366 tasiga tushuntirish berilgan, 52 tasi rad etilgan, 40 ta murojaat bo‘yicha esa hozirda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, boshqarma tomonidan tuman-shaharlarda sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolar hamda tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlari joylarda o‘rganib chiqilgan. 

O‘tgan davrda raqobatni rivojlantirish, bozorlarda sog‘lom muhit yaratish va monopol holatlarni oldini olish yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 45 ta korxona tomonidan yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish va sotish jarayoni kunlik nazoratga olindi. Qonunbuzarlik holatlari aniqlangan 5 ta holat bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, 692,2 million so‘m miqdorida moliyaviy sanksiyalar belgilandi. 

– Hozirgi kunga qadar 18 ta tovar (ish va xizmat) bozorlarida tahlillar o‘tkazilib, natijalar bo‘yicha Qo‘mitaga tegishli takliflar kiritildi, – deydi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Arziqul Bobomuratov. – Davlat xaridlari yuzasidan ham keng ko‘lamli nazorat ishlari olib borildi. Hisobot davrida umumiy boshlang‘ich narxi 709 milliard so‘mlik 908 ta davlat xaridlari o‘rganilib, qonunchilik talablari buzilgan 508 ta xarid bo‘yicha 58 ta ish qo‘zg‘atildi. Bu ishlar natijasida 55 ta ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi hamda 21 ta holatda qariyb 2,1 milliard so‘m miqdorida moliyaviy sanksiya belgilandi. 

Matbuot anjumanida amaldagi qonun hujjatlari va davlat qarorlarining raqobat muhitiga ta’sirini baholash maqsadida boshqarma tomonidan 7 ta hokimiyat va 3 ta boshqarmada xatlov ishlari amalga oshirilgani xususida ham so‘z bordi. Ushbu jarayonda jami 10 ming 582 ta normativ-huquqiy hujjatlar o‘rganildi. Tahlil natijasida 15 ta qonunbuzarlik holati aniqlanib, ular bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘rildi. 

Tadbirda boshqarma tomonidan olib borilgan ishlarning yana bir muhim yo‘nalishi – iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ham axborot berildi. Xususan, viloyat bo‘yicha jami 9,7 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi va 240 ming 523 nafar fuqaroning huquqlari tiklandi. Hududiy boshqarmaga 2 ming 255 ta iste’molchi murojaati kelib tushgan bo‘lib, ularning 80 foizi qanoatlantirildi. 

O‘tkazilgan tahlillar natijasida fuqarolar manfaatini himoya qilish maqsadida bir qator tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan choralar ko‘rilgan. Jumladan, “Rahnamo servis” MCHJ tomonidan 1 079,5 million so‘m, “ZERO-WASTE” MCHJ tomonidan 1 780,8 million so‘m, “Angren Bunyod Fayz” MCHJ tomonidan 2 042,8 million so‘m va “Zangiota Obodon” MCHJ tomonidan 3 244,8 million so‘m miqdoridagi mablag‘lar jami 234 mingdan ziyod iste’molchiga qayta hisob-kitob qilindi. 

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan javob oldi. 

A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.