Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Iste’mol kreditini ajratish tizimini takomillashtirishga qaratilgan «Iste’mol krediti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
"Mazkur qonun loyihasi Prezidentimizning 2022 yil 12 avgustdagi «Zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan, – dedi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Zohidov. – bugungi kunda moliyaviy iste’mol kreditlari uchun talab ortib borishi, biroq O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovarlar (xizmatlar)ga moliyaviy iste’mol kredit ajratilishi amaldagi qonun bilan cheklangan. Shu bois, mamlakatimiz aholisining ta’lim olish, mehnat qilish hamda turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida ular uchun zarur bo‘lgan barcha iste’mol tovarlari (xizmatlari) bilan to‘laqonli ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar va iste’molchi-fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida banklar va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy iste’mol kreditidan foydalanish mexanizmi qaytadan ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu qonun loyihasi raqobat muhitini rivojlantirishga, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan tovarlar (xizmatlar)ni iste’mol krediti orqali xarid qilish imkoniyatini yaratishga xizmat qiladi".
Muhokamalar davomida so‘z olgan deputatlar ushbu qonun loyihasining dolzarbligini, fuqarolarga moliyaviy iste’mol kreditlarini olishga keng yo‘l ochishini ta’kidladilar. Kiritilayotgan o‘zgartirishlar global bozorlarda o‘sayotgan raqobat sharoitlarida mamlakat ishlab chiqaruvchilarining innovatsion rivojlanish modeliga tezkor o‘tishiga stimul bo‘lishiga, yangi g‘oyalar va texnologiyalarni tatbiq etishga yordam berishini qayd etdilar.
Majlisda qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar bildirilib, ushbu hujjat qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA