2025 yil oktyabr oyida O‘zbekiston bozorlarida oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmatlar narxlarida yillik o‘zgarishlar kuzatildi. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, aksariyat tovar va xizmatlar bo‘yicha narxlar barqaror bo‘lib, o‘sish sur’atlari past darajada qayd etilgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari
O‘tgan yilning shu oyiga nisbatan bir qator mahsulotlar arzonlashdi. Shaftoli narxi 28,7 foiz, tarvuz 21,8 foiz, bulg‘or qalampiri 19,7 foiz, uzun va yumaloq donli guruch 18 foiz atrofida, bodring 17,6 foiz, banan 15,1 foiz va sarimsoq 14,7 foizga pasaydi.
Shu bilan birga, ayrim mahsulotlar qimmatlashdi. Suyaksiz mol go‘shti narxi 25,3 foiz, karam 24,7 foiz, suyakli mol go‘shti 24,2 foiz, kungaboqar moyi 22,6 foiz, piyoz esa 18,9 foizga oshdi.
Umuman olganda, iste’mol narxlari indeksiga kiruvchi 170 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining 88 foizi bo‘yicha yillik o‘sish 10 foizdan kam bo‘lgan.
Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari
Oktyabr oyida propan narxi 18 foiz, A4 qog‘oz 3,9 foiz, yirik oshxona jihozlari 3,5 foiz, konditsionerlar 1,3 foiz, ovqat tayyorlash priborlari 1 foiz va televizorlar 0,3 foizga arzonlashdi.
Nikoh uzugi narxi 33,4 foiz, metan 30,5 foiz, gazetalar va jurnallar 15,3 foiz, benzin 11,7 foiz, dezodorant 10,3 foiz, tabiiy gullar 9,8 foiz, sigaret 9,6 foiz, deraza oynasi esa 8,7 foizga ko‘tarildi.
Nooziq-ovqat mahsulotlarining 97 foizi bo‘yicha yillik o‘sish 10 foizdan past bo‘lib qolmoqda.
Xizmatlar narxlari
Xizmatlar bozorida ayrim yo‘nalishlarda pasayish kuzatildi.
Pul o‘tkazmalari 4,8 foizga, mikromoliyaviy xizmatlar 0,2 foizga arzonlashdi. Davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qish, mobil internet, sug‘urta xizmatlari narxlari o‘zgarmadi. Xalqaro aviareyslar narxi 1,9 foiz, konsert zallari xizmatlari 3,9 foiz, bank xizmatlari 4,1 foiz, kvartira ijara haqi 4,2 foizga o‘sdi.
Biroq, qator xizmat turlari sezilarli qimmatlashdi. Ichki aviareyslar 52,3 foiz, tarmoq gazi 39,2 foiz, sovuq suv 35,1 foiz, muzey xizmatlari 32,3 foiz, chiqindi tashlash 28,6 foiz, suyultirilgan gaz 25 foiz, shahar avtobuslari yo‘l haqi 22,3 foiz, davlat bog‘chalari 21 foiz, markaziy isitish 20,9 foiz, elektr energiyasi esa 18,8 foizga oshgan. Xizmatlarning 66 foizida yillik narx o‘sishi 10 foizdan past bo‘lib qolmoqda.
Aholi iste’moli bo‘yicha narx dinamikasining umumiy ko‘rinishi bozor barqarorligini aks ettirib, ayrim yo‘nalishlarda mavsumiy o‘zgarishlar davom etmoqda.
Hamroz Bayanov, O‘zA