Iste’fodagi diplomat Nikolas Berns AQSHning Xitoydagi elchisi lavozimiga tasdiqlandi
AQSH Senati Nikolas Berns nomzodini Shtatlarning Xitoydagi elchisi lavozimiga tasdiqladi.
Kongressning yuqori palatasi yig‘ilishi "C-SPAN" kanalida translyatsiya qilindi.
Ushbu lavozimga Bernsning nomzodi avgustda prezident Bayden tomonidan ko‘rsatilgan. Lekin respublikachi senator Marko Rubio nomzod muhokamasini Bernsning Xitoydan shaxsiy manfaati borligini aytib to‘xtatgandi.
Noyabrda Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki Bernsni Xitoydagi elchi sifatida tezda tasdiqlash zaruratini aytib chiqdi.
Iste’foda bo‘lgan diplomat Berns 2001-2005 yillarda Shtatlarning NATOdagi doimiy vakili, 2005-2008 yillarda davlat kotibi Kondoliza Raysning siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.