Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’dodning olmos qirralari
10:45 / 2024-03-05

Prezident qaroridan so‘ng

Shu yilning 19-fevralida “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilinganligi ijtimoiy va adabiy hayotda muhim voqea bo‘ldi. Qarorda ta’kidlandiki, hassos so‘z san’atkorining chuqur gumanizm bilan sug‘orilgan asarlari mard va matonatli, mehnatkash turkman xalqining ezgu qadriyatlari va olijanob fazilatlarini tarannum etishi, hamisha xalq bilan hamdard bo‘lishga, turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro ahillik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan mazmun-mohiyati bilan barchamiz, ayniqsa, yoshlar uchun ibrat namunasidir.

Har yigitning aslin bilay desangiz,

Ma’rakada o‘tirib turishin ko‘ring.

Bu satrlarni mutolaa qilgan o‘quvchi zavq oladi, dili yayraydi. Falsafiylik bilan lirik tuyg‘ular qorishib ketgan misralarga jo bo‘lgan shoir g‘oyasi sizni ezgulikka chorlaydi. Yoshligimizda o‘zbekning bulbuli, deya tanilgan Komiljon Otaniyozov ijro etgan “Ko‘ring” deya nomlangan qo‘shiqdan olingan shu satrlar hamon quloqlarimiz ostida jaranglaydi. Bu xalqchillik ruhi bilan sug‘orilgan she’r turkman xalqining ulug‘ shoirlaridan biri sanalgan Maxtumquliga tegishli. Mashhur ijodkorning ko‘plab she’rlarini ayrimlar yoddan bilishiga sabab shuki, u yaratgan asarlar tili sodda, shoir g‘oyasi misralarga singdirib yuborilgan.

Maxtumquli she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlarni ijro etgan Otajon Xudoyshukurov, Bobomurod Hamdamov, Ortiq Otajonovlarning sehrli ovozi hamon san’at shinavandalarini maftun etib kelayotir.

Istamas yorim mani, ul yora zorim yo‘q manim,

Qolmisham hayron bo‘lib, g‘ayrat-madorim yo‘q manim.

Oldi jonim ishq o‘ti, ixtiyorim yo‘q manim,

Kelsa-aqlim tark etar, ketsa-qarorim yo‘q manim.

Bunday o‘tli satrlar muallifi Maxtumqulining hayoti sahifalarini varaqlaganda ancha-muncha mashaqqatlarga to‘la va eng muhimi, mazmunli kechganiga amin bo‘lasiz. Taniqli olimlardan biri Hamidulla Hasanovning qayd etishicha, Maxtumquli Firog‘iy nihoyatda zo‘r, ta’sirli, xalqqa yoqadigan, turkmanga ham, o‘zbekka ham o‘z tilidek tushuniladigan she’rlari bilan butun Sharqqa mashhurdir. Uning asarlarini Suriyada, Iroq, Turkiya va Eronda ham, Afg‘oniston va hatto uzoq Arabistonda ham turkmanlar faxr bilan kuylaydilar. Afg‘onistonda bir keksa turkman baxshisi borligini eshitdim, u Maxtumquli she’rlarini mahorat bilan ijro etishda nom chiqargani uchun o‘zini “Maxtumchi”, der ekan. Bu mulohazalar Maxtumqulining faqat Turkmanistonnigina emas, butun dunyo xalqlarining sevimli shoiri ekanidan dalolat beradi.

Har ahmoqqa aytma dard-u so‘zingni,

Hasrat o‘ti jisming yog‘gancha bo‘lmas.

G‘ussa bilan dona-dona ko‘zingdan,

Achchiq yoshlaringni to‘kkancha bo‘lmas.

Turkman xalqining buyuk shoirlaridan biri Maxtumquli Firog‘iy taxallusi bilan she’rlar yaratganini adabiyot ixlosmandlari yaxshi bilishadi. U 1733-yilda Gurgan daryosi (Ayrim manbalarda Atrek daryosi) sohilidagi Hoji-govshan qishlog‘ida tug‘ilgan. Qizig‘i shundaki, ulug‘ ijodkorning otasi ham shoir edi. Davlatmamat Ozodiy taxallusi bilan olovli she’rlar yozgan taniqli ziyoli, o‘z davrining atoqli ijodkorlaridan biri ekanligini bilasizmi? U oltmish yil umr ko‘rgan. Ammo el sevgan adib Davlatmamat Ozodiydan mazmundor va badiiy jihatdan pishiq asarlar qoldi. Yana muhim jihati shundaki, u o‘g‘li Maxtumquliga faqat tarbiyagina emas, bilim ham berdi, bo‘lajak shoirning kamolotga yetishiga katta hissa qo‘shdi. Maxtumquli hatto Niyozsolih ismli mulladan ham ilm olgan. Xarakterli jihati shundaki, atoqli shoir yoshlik yillarini bilim olishga, mutolaa qilishga sarf etdi. Xususan, Qiziloyoq qishlog‘ida joylashgan Idrisbobo madrasasida o‘qidi. Shu bilan ham qanoatlanib qolmasdan Xivadagi Sherg‘oziy, Buxorodagi Ko‘kaldosh madrasalarida ta’lim va tarbiya olib, tafakkurini yanada kengaytirishga harakat qildi. Maxtumquli Firog‘iy ilm yo‘lida zahmat chekish bilan kifoyalanmadi. U hatto zargarlik bilan ham shug‘ullanganligini alohida qayd etish kerak.

Maxtumquli olis yurtlarni sayohat qilishni xush ko‘rar edi. Atoqli shoirning Turkiston, Samarqand, Ozarboyjon, Eron, hatto Iroqni kezib chiqqanligi unda katta taassurot qoldirdi. Shoir Hindistonda bir yildan oshiq yashadi. Farg‘ona vodiysini, Qozog‘istonni tomosha qildi. Bu sayohatlar shoir ijodiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. U taassurotlari asosida she’rlar yaratdi. Xorijda ko‘rganlari unga ilhom baxsh etdi.

Shoirning yoshlik va o‘smirlik yillari qiyinchiliksiz kechmadi. Hatto ish izlab sarson-u sargardon bo‘ldi, ammo ko‘p o‘tmay, hunar egalladi. Natijada hayoti ancha yaxshilandi.

U to‘qqiz yoshidan boshlab qo‘liga qalam olgan edi. Afg‘onistonga ketgan akalari halok bo‘lganligi uning ruhiyatiga qattiq ta’sir qildi, dardli she’rlar yozdi. 

Shum falak azobin menga bildirdi,

Yig‘lamoqdan gul yuzlarim so‘ldirdi,

Qo‘lyozma kitobim selga oldirdi,

Dushmanimni Jayhun daryo ayladi.

Shoir ijodida sevgi mavzusi alohida o‘rinni egallaydi. Ehtimol, bu uning Menglixon ismli qizga bo‘lgan o‘tli muhabbati mevasi hamdir. Ammo ular birgalikda oila qurmaganliklarini afsus bilan eslaydi. Chunki qashshoqlik, qalin pulini to‘lashga qurbi yetmaganligi sababli sevgilisiga uylana olmaydi. Atrofidagilar kambag‘alligi uchun Maxtumquliga qiz berish fikridan qaytadilar. Shu sababli halok bo‘lgan akasining xotini Oqqizga uylanishga majbur bo‘ladi. Shoirni boshqa musibatlar ham qiynaganligi sir emas. Oqqiz ikki o‘g‘il ko‘rgan edi. Ammo ular bevaqt olamdan o‘tganligi Maxtumquliga ruhiy zarba bo‘ladi. Bundan xafa bo‘lgan shoir iztirobli, kishi qalbini ezib yuboradigan dardli she’rlar yoza boshlaydi.

Uning mahorati yuksalishiga buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy asarlarini o‘rganganligi, mutolaa qilganligi ijobiy ta’sir etgan.

Ijodkorning asarlari mavzusi keng. Sevgi-muhabbat, vatanga sadoqat va boshqa mavzudagi she’rlari hamon sevib o‘qilayotir. Hatto Qur’oni karim oyatlari va hadislar asosida yozgan she’r hamda g‘azallari ham mashhur. Tasavvufiy mavzudagi asarlari ham yo‘q emas. Yana shuni qayd etish kerakki, u uzoq yillar Haj safarini ado etish orzusi bilan yashadi.

Kel, ko‘nglim, sidq ila yolbor Allohga,

Yaratgandan hech yashirin ish bo‘lmas.

Rizq bir muqaddasdir shoh-u gadoga,

Qalam birdir, bunda yozgan besh bo‘lmas.

Shoir asarlarida falsafiylik kuchli. Pand-nasihatga oid misralar ham uchraydi. Shu bilan birga, Maxtumquli ijodida xalq og‘zaki ijodi ohanglarida yozilgan she’rlar ko‘p.

Taniqli shoir Mirzo Kenjabek “Maxtumquli arab, fors tillarini puxta o‘zlashtirgan, chig‘atoy-eski o‘zbek tilini mukammal bilgan. Bu hol uning ijodidagi so‘z boyliklaridan ham ayondir. Maxtumquli hazrati Shoh Bahouddin, hazrati Sayyid Amir Kulol, hazrati Zangi ota kabi ma’naviyat darg‘alariga ulug‘ muhabbat va e’tiqodini oshkor bayon qildi, haqiqiy do‘stlik va qardoshlikning oliy namunasini ko‘rsatdi”, deya Maxtumquli ijodi ko‘pchilikka ibrat namunasi ekanligini qayd etadi.

Bu fikrlar ulug‘ turkman shoiriga o‘zbek ijodkorining e’tirofidan dalolat beradi.

Ustimizdan dushman hukm suribdur,

Mo‘min bari jabr-u jafo ko‘ribdur,

O‘g‘il-qizni xor o‘rniga beribdur,

Xatarlar ul joydan surilsin endi!

G‘azalnavis shoirlardan biri Farid Usmon she’r yozish havasi uyg‘ongan yoshlik yillarini eslar ekan, “Alisher Navoiy, Maxtumquli she’r-u g‘azallarini ko‘p mutolaa qilganman. Shundan keyin menda ijodga bo‘lgan mehr-muhabbat nihoyatda kuchaygan. Hatto Maxtumquli asarlarini yod olgandim. Hozir ham mashhur shoir she’rlari asosida ijro etilgan qo‘shiqlarni maza qilib eshitaman. Men taniqli shoirning Jumaniyoz Jabborov o‘zbek tiliga o‘girgan kitobini oltmish to‘rt yildan buyon saqlab, o‘qib kelyapman”, deydi.

Maxtumqulining kitoblari zukko tarjimonlar — Jumaniyoz Jabborov, Mirzo Kenjabek, Muzaffar Ahmad tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Surxondaryolik ijodkor Abdumo‘min Jumayev ham uning asarlarini tarjima qilib, kitoblarini nashr ettirgan. Maxtumquli asarlari asosida ijro etilgan qo‘shiqlar konsert sahnalarida yangramoqda. Hatto u haqda adabiy asarlar yozilganligi va spektakl sahnalashtirilganligi buyuk turkman shoiri Maxtumquli Firog‘iyga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tiborning yorqin namunasidir.

Jovli XUSHBOQOV, O‘zA