Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining inklyuziv ta’lim sinflari va uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Sen iste’dodlisan!” respublika tanlovining Samarqand viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Nizomga muvofiq, uch bosqichli “Sen iste’dodlisan!” tanlovi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining inklyuziv ta’lim sinflari va uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan 3- sinfdan 10- sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilmoqda. Ishtirokchilar estrada vokal (an’anaviy ijrochilik) hamda tasviriy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.
[gallery-26108]
“Men ham shu Vatanning bir bo‘lagiman” shiori ostida o‘tkazilayotgan tanlovning viloyat bosqichi tuman (shahar) bosqichida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar orasidan respublika bosqichida viloyat nomidan qatnashadigan munosib nomzodlarni saralash imkonini berdi.
– Qalam tutishni o‘rgangan kunimdan turli mavzularda suratlar chizaman, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahridagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Mashhura Abdumalikova. – Turli tanlovlarda qatnashib, sovrindor bo‘lgan tengqurlarimni ko‘rib, eshitib, menda ham ana shunday tanlovlarda qatnashish istagi paydo bo‘lgandi. Bugun ana shu orzularim ro‘yobga chiqib o‘z iqtidorimni sinovdan o‘tkazdim. San’at kishiga o‘ziga xos ruhiy ozuqa bersa, bu kabi tanlovlar o‘ziga ishonchni mustahkamlarkan. Tanlovda qatnashganimdan xursandman.
Tanlovning viloyat bosqichi g‘oliblari Samarqand viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan munosib taqdirlandi. Nizomga muvofiq, tanlovning uchinchi – respublika bosqichi noyabr oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari