Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi Nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grantda “Buxoro yoshlari” gazetasining “Jamiyatda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish madaniyatini shakllantirishda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish” mavzusidagi loyihasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.
Loyiha doirasida “Biz buni uddalaymiz, biz bunga qodirmiz!” shiori ostidagi grant loyihasidan o‘rin olgan “Talabalik davrim mening” iste’dodli talaba-yoshlar tanlovida viloyatdagi mavjud qator oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etishdi.
–Tanlovda Buxoro davlat universiteti, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti hamda Buxoro pedagogika institutining san’atsevar yoshlari qatnashdi, –deydi loyiha treneri Zulfizar Mavlonova. –Tanlov shartiga ko‘ra, turli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan jismoniy nuqsoni bor 5 nafardan ishtirokchi mumtoz, milliy cholg‘uchilik, raqs, aktyorlik mahorati va estrada yo‘nalishi bo‘yicha o‘z iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etishdi.
–Tanlov haqida eshitiboq unga tayyorgarlik ko‘ra boshladim, –deydi Buxoro davlat universiteti talabasi Baxtiyor Fayziyev. –Men qatori ishtirok etishga xohishi bo‘lganlar ko‘p ekan. Biroq har bir oliygohdan 5 nafardan iqtidorli talaba qatnashishi belgilangandi. Nima ham bo‘ldi-yu, men ro‘yxatning 6-o‘rniga tushib qoldim. Va boshqa oliy o‘quv yurtlaridan ham 5 nafardan tengdoshim qatnashayotgani uchun, to‘g‘risi, o‘zim biroz ortga chekindim. Ya’ni tanlov qoidasini buzish yaxshimas. Barcha qatnashchilar o‘z iqtidorlarini ko‘rsatishdi. Men ham boshqa tomoshabinlar qatori har bir chiqishni chin dildan olqishlab turdim. Hakamlar barcha chiqishlarni baholagungacha vaqt berilganda, ya’ni tanaffusda bir-ikki qo‘shiq ijro etishimni bildirdim. Qo‘llab-quvvatlashdi. Sahnaga chiqib, shu qadar jo‘shib ketibmanki, birmas-ikkimas, uch-to‘rtta o‘zim sevgan qo‘shiqlarimni tomoshabinlarga havola etdim. Butun boshli zal qarsak, olqishlar bilan qarshiladi. Shu paytda biror marta tanlovlarda sodir bo‘lmagan voqea bo‘ldi. Men ham xursand, ham bu e’londan toshdek qotgan edim.
“Talabalik davrim mening” tanlovida boshqa tanlovlardan farqli tarzda qo‘llab-quvvatlov bo‘ldi. Baxtiyorning sohir va jo‘shqin ovozi, iqtidor va iste’dodi inobatga olinib, garchi u tanlovda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, tomoshabinlaru hakamlar hay’atining yakdil qo‘llab-quvvatlovi bilan birinchi o‘rinlardan biriga loyiq ko‘rildi.
–Tanlov – cheklangan, ammo iste’dod cheklanmagan, –dedi hakamlar hay’ati a’zosi Madrahim Turdiyev. –Tanlovning maqsadi – chinakam iste’dodni tanlash va kelajakka saralab berish. Iste’dod va san’at shu qadar go‘zal qudratki, ba’zan u har qanday tanlovlarning ham “ramkasi”ni yorib chiqishga qodir. Bugungi tanlov xuddi shunday iqtidorni yuzaga chiqardi.
Tanlovda 1-o‘ringa 2 nafar, 2- o‘ringa 2 nafar hamda 3-o‘ringa 3 nafar talaba-yoshlar erishdi. Shuningdek, 7 nafar qatnashchi “Eng yaxshi ishtirokchi” nominatsiyasi hamda barcha faol ishtirokchilar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Tanlovda yuqori ballarni qo‘lga kiritgan ta’lim muassasalari talabalari gazeta tahririyatining grant mablag‘laridan moliyalashtirilgan sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri