Navoiy davlat universiteti Axborot-resurs markazida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan fakultetlar talabalari o‘rtasida “Iste’dodli qizlar” bellashuvi bo‘lib o‘tdi.
Talaba qizlarning intellektual salohiyati, bilim va tafakkurini namoyon etish, ularning ijodiy qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, jamiyatda faol va tashabbuskor yoshlarni tarbiyalash maqsadida o‘tkazilgan bellashuv yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Bellashuv davomida ishtirokchilar belgilangan shartlar asosida o‘z bilim va zehnlarini sinovdan o‘tkazib, topqirlik, zukkolik hamda kreativ yondashuvlarini namoyon etdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahs-munozaralar jarayonida har bir ishtirokchi o‘z faolligi va intilishi bilan ajralib turdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin Tillar fakulteti o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Ruxshona Nusratullayevaga nasib etgan bo‘lsa, Tarix fakulteti 2-bosqich talabasi Diyora Sharipova 2-o‘rinni hamda Tabiiy va tibbiyot fakulteti 2-bosqich talabasi Sabina Sayitmurodova 3-o‘rinni egalladi.

Tadbir yakunida g‘olib va ishtirokchilar diplom, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri