Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’dod sohiblari tarbiyalanayotgan maskan
20:11 / 2024-03-13

FOTOREPORTAJ

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Qashqadaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati qadimiy shahar Shahrisabzda tashkil etilgan. 

San’at dargohining ushbu shaharda tashkil etilishida chuqur ramziy ma’no mujassam. Boisi, betakror Shahrisabzda azal-azaldan ilm-u ma’rifat rivoj topgan, san’atning barcha turlari taraqqiy etib, hunarmand ustalarning betimsol ishlari butun dunyoga tanilgan. Ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur davriga kelib, madaniyat va san’at yanada yuksaladi va shaharga “Qubbatul ilm val adab” ya’ni, “Ilm-u adab gumbazi”, deb nom beriladi. Qashqadaryoning eng qadimgi yashil va zumrad bu shahri ko‘plab taniqli va mashhur iste’dod sohiblariga beshik bo‘lgan. 

Bilim maskanining ochilish marosimida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining raisi, akademik Tursunali Qo‘ziyev juda ibratli bir mulohazani bildirgan edi: “Shunday go‘zal tabiatga ega shaharda tug‘ilib, o‘sib rassom va shoir bo‘lmaslikning o‘zi gunohdir”. Maktab-internat ish boshlashi bilan vohada xalq amaliy san’atining, tasviriy san’at va unutilib kelayotgan milliy qadriyatlarimiz qayta tiklanib, ularni yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadam tashlandi. Shuningdek, iqtidorli yoshlarga ta’lim va tarbiya berishda, san’at yo‘nalishlari bo‘yicha ijobiy natijalarga erishishda pedagogik kadrlarni salohiyatini ko‘tarishga qaratilgan bosqichma-bosqich bir qancha ishlar amalga oshirildi.

[gallery-16385]

Ta’lim muassasasi mutaxassislik fanlari bo‘yicha o‘quv jihozlari, molbertlar, ko‘rgazmali qurollar, fond, zamonaviy tikuv mashinalari, texnik jihozlar, kulolchilik, fan va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan.

Maktab ijodkor yoshlari mamlakat hamda xalqaro miqyosdagi turli ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Shu bilan birga, muassasani bitirgan va ta’limning so‘nggi bosqichlarida soha bo‘yicha tahsil olib, respublikamizning turli joylarida tasviriy va amaliy san’at rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yosh mutaxassis kadrlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA