Iste’molchi huquqi – doimiy e’tiborda
Andijonda iste’mol bozoriga sifatsiz, yaroqsiz tovarlar va xizmatlar kirib kelishining oldini olishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, tadbirkorlarga yaratib berilayotgan keng sharoit va imtiyozlarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijonda iste’mol bozoriga sifatsiz, yaroqsiz tovarlar va xizmatlar kirib kelishining oldini olishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, tadbirkorlarga yaratib berilayotgan keng sharoit va imtiyozlarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik nazoratini ta’minlashga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda «Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda viloyat bojxona boshqarmasi, O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Andijon viloyati hududiy birlashmasi mas’ul xodimlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari, tadbirkorlar va iste’molchilar ishtirok etdi.
– Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda keng jamoatchilik ishtiroki va nazorati alohida ahamiyat kasb etadi, – deydi O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Andijon viloyati hududiy birlashmasi raisi Ergash Qurbonov. – Binobarin, fuqarolarning huquqiy bilimi, iste’mol madaniyatini yuksaltirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasidagi ishlarni yanada yuqori darajaga ko‘tarish muhim vazifalardandir.
Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida iste’mol bozorini o‘zimizda ishlab chiqarilgan sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, iste’molga yaroqsiz tovarlar va xizmatlar kirib kelishining oldini olish, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iste’molchilarning huquqiy bilimini yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bojxona tizimi mutaxassislari tomonidan eksport va import harakatlarini amalga oshirishda bojxona to‘lovlari, hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha tadbirkorlik subyektlariga yaratib berilayotgan sharoit, imtiyozlar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
– Eksport va import harakatlarida bojxona rasmiylashtiruvi tizimi sezilarli darajada soddalashtirildi, – deydi Andijon viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyorbek Salimov. – Bir vaqtning o‘zida bojxona rasmiylashtiruvi, deklaratsiyalash, sertifikatlash, sanitariya-epidemiologik nazorati va boshqa bojxona rasmiylashtiruv ishlarini “bir darcha” tamoyili asosida amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Mahsulotlarni standartlash va sertifikatlash, ularni tashqi bozorga chiqarish masalalarida eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga, eng avvalo, kichik biznes subyektlariga ko‘maklashish bo‘yicha maxsus tuzilmalar tashkil etilgan.
Seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.