Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iste’molchi doimo haq
12:33 / 2016-03-17

Mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, aholining iste’mol madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, aholining iste’mol madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari hamda fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish jarayonida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy birlashmalari ham faol ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida iste’molchilarning huquqiy himoyasi bilan shug‘ullanuvchi jamoat tashkilotlari rivojiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish, ularning yechimini topishda hamkorlikni mustahkamlash maqsadida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi va uning tizimidagi jamiyatlarda “ishonch telefon”lari tashkil etilgan. O‘tgan yili viloyatdagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga 1 ming 213, jumladan, “ishonch telefoni” orqali 194 ariza va shikoyat kelib tushgan. Ularning aksariyati ijobiy hal etilib, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar iste’molchilar foydasiga undirib berilgan.

– Fuqarolarning iste’molchi sifatidagi huquq va qonuniy manfaatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonunchilik hamda me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan kafolatlangan, – deydi O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasi raisi B.Mengliqulov. – Mazkur hujjatlar iste’molchilarning ishlab chiqaruvchilar, sotuvchilar, turli xizmat ko‘rsatuvchilar bilan o‘zaro munosabatlarini qamrab oladi. Fuqarolarimiz buzilgan huquqi yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga yoki boshqa vakolatli davlat organlariga erkin murojaat qilish huquqiga ega. Bu umume’tirof etilgan norma va qoidalarga to‘la mos keladi.

Tadbirda aholi o‘rtasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga doir amaldagi qonun hujjatlari targ‘iboti hamda aholining iste’mol madaniyatini yuksaltirish borasida davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashildi.