Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Istanbuldagi “TEKNOFEST” festivalini bir millionga yaqin kishi ziyorat qildi
11:24 / 2023-05-01

Istanbulda uch kun ichida dunyodagi eng yirik aviatsiya, koinot va texnologiya festivali “TEKNOFEST – 2023”ga qariyb bir million kishi tashrif buyurdi, deb xabar berdi “Anadolu” agentligi.

Festival  27 apreldan buyon Istanbuldagi Otaturk nomidagi aeroport hududida bo‘lib o‘tdi.  

Ochilish kuni anjumanga 25 yarim mingga yaqin kishi kelgan bo‘lsa, ikkinchi kuni ziyoratchilar soni 300 ming kishidan oshib ketdi.

Uchinchi kuni 600 ming kishi festival tomoshasiga keldi.

Shunday qilib, uch kun ichida bir millionga yaqin kishi festival tomoshalardan zavqlandi.  

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an ikkinchi kuni “TEKNOFEST – 2023”ga ozarbayjonlik hamkasbi Ilhom Aliyev bilan tashrif buyurdi. O‘z chiqishida davlat rahbari ikki yil avval Turkiya Milliy koinot dasturini amalga oshirishni boshlagani to‘g‘risida xabar berganini eslatdi.  

“Bugun biz ushbu yo‘lda yana bir muhim qadam tashlamoqdamiz. Minglab ishtirokchilar ichidan koinotga safar qiladigan ikki turkiyalik asosiy va zaxira kosmonavtni tanlab oldik”, deb ma’lum qildi.  

Davlat yetakchisi birinchi turk kosmonavti Turkiya Harbiy-havo kuchlari uchuvchisi Alper Gezeravji tanlanganini va zaxirada “Roketsan” kompaniyasining koinot kemalarini uchirish bo‘yicha mutaxassis Tuva Jihangir  Atasever bo‘lishini e’lon qildi.  

Erdog‘anning qayd etishicha, birinchi turk kosmonavtining parvozi joriy yil oxiriga rejalashtirilmoqda, u Xalqaro kosmik stansiyada 14 kun qoladi.  

“TEKNOFEST” aviatsiya va koinot texnologiyalari festivali oltinchi bor ilm-fan va texnologiya ixlosmandlari uchun eshiklarini ochdi. Aviatsiya, koinot va texnologiya festivali “T3” jamg‘armasi bilan Turkiya sanoat va texnologiya vazirligi bilan hamkorlikda 2018 yildan beri o‘tkazib kelinmoqda.  

Festival doirasida texnologik tanlovlar, aviatsiya shoulari-ko‘rgazmalari, musiqali dasturlar, turli mavzulardagi muhokamalar va boshqa ko‘plab qiziqarli tadbirlar o‘tkazildi.  

Festivaldan ko‘zlangan maqsad jamiyatning, ayniqsa, yoshlarning texnologiyaga qiziqishlarini oshirish, Turkiyadagi zamonaviy o‘zgarishlar va yutuqlardan xabardor qilishdir.

“TEKNOFEST”, shuningdek, texnologiyaga qiziquvchi yuz minglab yoshlar uchun turli tanlovlarda ishtirok etib, orzularini ro‘yobga chiqarish imkoniyatidir.

Abror XON, O‘zA