Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Istanbuldagi “O‘zbek qo‘nalg‘asi”
11:58 / 2020-12-20

OAV xodimlari uchun Turkiyada tashkil etilgan Press-tur dasturining Ko‘nya bilin bog‘liq tadbirlapri nihoyasiga yetgach, ishtirokchilar Istanbulga ko‘chishdi. Ham Yevropa ham Osiyoga daxldor ushbu afsonaviy shahar bo‘ylab sayohat Sulton Ahmad tumanida joylashgan “To‘pkapi”, ya’ni to‘p (pushka)li darvoza, to‘rlar bilan qurollangan makon ma’nosini anglatuvchi maydondan boshlandi.

Konstantinopol (Istanbul)ni ilk bor ishg‘ol qilgan turkiy podsho, Mahmud tomonidan qariyb 7 gektar yerda ulkan saroy barpo etgan. Bu joylar 4 ming yillar avval afsonaviy Troya hukmdorlariga tegishli bo‘lgan ekan. Ma’lumki, mashhur Usmonlilar imperiyasi tarixi 1299-1699 yillar oralig‘ini o‘z ichiga oladi. Avvaliga “Yangi saroy” deb nomlangan majmua tarkibida turlicha atalgan 4 hovli va hovlilarga kirish uchun alohida 3 darvoza mavjud. 

Yov hujumidan o‘ta kuchli himoyalangan, ya’ni uch tomondan dengiz bilan o‘ralgan qulay hudud egallanishi Usmonlilarni dunyoning o‘sha davrdagi eng qudratli davlatni barpo etishlarida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Hukmdor oilasi, saroy ahli uchun ham yashash ham ish joyi sifatida xizmat qilgan majmuadan turib mamlakatni boshqarish uchun zarur bo‘ladigan barcha sharoitlar yaratilgan. Ko‘plab turar-joylar, bog‘lardan tashqari pul, tanga yasaladigan zarbxona, xorijiy mehmonlarni qabul qilishga mo‘ljallangan alohida qarorgoh, hatto, podshoh tomonidan askarlar mashqi kuzatiladigan keng yalanglik va boshqa ko‘plab, bino, inshoot, maydonlar shunday xulosa qilish imkonini beradi.

Istanbulda O‘zbekiston nomi, o‘zbek millati bilan bog‘liq yana tarixiy-madaniy manzil bor. Bu – oltin shahar ma’nosini anglatuvchi Uskudar tumanida joylashgan “O‘zbeklar qo‘nalg‘asi”. Mazkur mo‘’jazgina uy qurilganiga 300 yildan oshib ketgan. XVII asrning ikkinchi yarmida Turk davlatini boshqargan Sulton Mahmud, tarixiy manbalarda keltirishicha, bir kuni ovga chiqadi. Sevimli mashg‘uloti bilan band bo‘lgan payt, nogahon, changalzordan iborat kattagina hududda uchta – yashil, sariq va havo rang chodirga ko‘zi tushadi. Borib tanishsa, chodir ichidagi odamlar hozirgi O‘zbekiston hududidan, aksariyati buxorolik, Haj amalini ado etish maqsadida safarga chiqqan yo‘lovchilar ekani ma’lum bo‘ladi. Ular qur’on tilovati, mutolaa, ma’rifiy suhbatlar ila mashg‘ul ekanliklarini ko‘rib, sulton vaziriga ezgu niyatli o‘zbeklar uchun uy barpo etishni buyuradi. Shu tariqa Istanbulda “O‘zbeklar qo‘nalg‘asi” vujudga keladi va Haj safariga chiqqan hamyurtlarimiz shu yerdada to‘xtab o‘tadigan bo‘lishadi.

Bino va hovli mamlakatni XIX asrda boshqargan Sulton Abdulmajid davrida hozirgi ko‘rinishiga kelgan. Majmua tarkibida mehmonxona, turar-joy, alohida yotoq xonalari, oshxona va boshqa zarur imoratlar, shuningdek, nomozxona (ehtimol kichik masjid, deb atash ham mumkindir), darveshlar uchun zikr xonasi, xonaqoh, qabriston bor. Bu yerda biz, jurnalistlar e’tiborini tortgan eng muhim jihat shu bo‘ldi-ki, mehmonxona majmuasiga kirishingiz bilan har bir bo‘linmada mo‘’jazgina kutubxonaga ko‘zingiz tushadi.

Demak, xulosa qilish mumkinki, Istanbuldagi o‘zbeklar qo‘nalg‘asi, musofir vatandoshlarimiz uchun shunchaki to‘xtab o‘tadigan joy sifatida barpo etilgan bo‘lsa-da, davrlar o‘tib, ma’rifatparvar elimiz ziyolilari, saxiy, bag‘ri keng insonlari sa’y-harakati bilan o‘ziga xos ma’rifatxonaga aylantirilgan.

Darvoqe, guruhimizga ushbu maskan haqida so‘zlab bergan tarixchi mutaxassis so‘zlariga qaraganda, majmua tarkibidagi xonaqoh-qabristonga dafn etilgan yurtdoshlarimiz orasida buxorolik mashhur sulola farzandi, siyosiy arbob Fayzulla Xo‘jayevning qarindoshi, taniqli vatandoshimiz Usmon Xo‘ja ham bor ekan.

Nima bo‘lganda ham O‘zbekistondan kelgan jurnalistlar bu galgi safarimiz oxirlayotgan bir paytda mana shunday ziyoli, ma’rifatga oshno ajdodlarimiz bilan faxrlandik. Eng muhimi, boshqa ellardan kelgan hamkasblarimiz oldida “bo‘yimiz bir qarich o‘sgani ham rost!

G‘ayrat XONNAZAROV,

Turkiya, Istanbul