Turkiyaning Istanbul shahrida Navro‘z bayrami munosabati bilan «Turk dunyosi bahor festivali» tashkil etildi.
«Turk dunyosi» mahallasida O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tadbir chin ma’noda bayram tantanalariga aylanib ketdi. Festivalda Istanbul shahrida vaqtincha yashayotgan yurtdoshlarimiz bilan bir qatorda qo‘shnilarimiz – Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston fuqarolari va mahalliy aholi vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda el suygan san’atkorlar Adham Soliyev, Sarvara, «Original» guruhi, Gulmurod Kenjayev hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston Respublikasidan tashrif buyurgan san’at ustalari o‘zlarining diltortar kuy-qo‘shiqlari bilan davraga fayz kiritishdi. So‘z ustasi Ahror Qo‘shmatov o‘zining ko‘ngilochar dasturi bilan yig‘ilganlar qalbiga xushkayfiyat ulashdi.

«Ushbu festivalni Turkiyadagi bir qator shirkat va darnaklar (jamiyat) bilan hamkorlikda tashkil qildik. bugungi tadbirga Markaziy Osiyo va boshqa mintaqadagi turkiy tilli davlatlarning Bosh konsulxonasi vakillari hamda aholisini ham taklif qilganmiz. Tadbirga «Turk dunyosi bahor festivali» deb nomlaganimiz bejiz emas.

Maqsadimiz Turkiyada vaqtincha istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar va boshqa qardoshlarimiz qalbiga bahoriy kayfiyatni ulashish, turk xalqlari orasida kuchayib borayotgan mehru oqibatni yana ham mustahkamlash, shu bilan birga, millatimizning mehmondo‘stlik, olijanoblik kabi fazilatlarini, milliy san’at va urf-odatlarimizni namoyish qilishdan iborat.

Bu ishda bizga O‘zbekistondagi «Art TV” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Turkiyadagi «O‘zbekiston madaniy birdamlik assotsiatsiyasi» (Özbekistan kültür dayanışma derneği) hamda Istanbul shahar hokimiyati yaqindan yordam berdi», deydi O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi birinchi kotibi Sherzod Abdunazarov.

Tadbir Istanbulning «Turk dunyosi» mahallasida tashkil etilgani ham bejiz emas. Bu yerda barcha turkiy tilli davlatlarning tarixi va madaniyatini namoyon etadigan o‘tov va uylar bor. Bundan tashqari, Xoja Ahmad Yassaviy, Abu Nasr al-Farobiy kabi alloma ota-bobolarimizning hayotini aks ettiruvchi muzeylar ham joylashgan.



Bayram tadbirida ishtirokchilarga homiylarning sovg‘alari taqdim etildi. Shuningdek, milliy urf-odatlarimizga binoan o‘zbekona osh tarqatildi.

A. Raimov, Istanbul