“The New York Times” gazetasi yozishicha, Turkiyaning eng yirik shahri – Istanbul kelgusi yillarda o‘ta vayronkor yer silkinishiga duch kelishi mumkin. Olimlar Marmara dengizi ostidagi yoriq chizig‘ining faollashishi ushbu falokatga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Seysmologlarning ta’kidlashicha, mintaqadagi so‘nggi zilzilalar yoriq chizig‘i bo‘ylab seysmik faollik kuchayib borayotgani va Istanbulga yaqinlashayotganini ko‘rsatmoqda.
“Science” jurnalida chop etilgan tadqiqotda 16 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan mazkur shaharda vayronagarchilikka olib kelishi mumkin bo‘lgan 7 yoki undan yuqori magnitudali kuchli zilzila xavfi mavjud. Kornell universiteti professori Xabbardning fikricha, Istanbuldagi kuchli zilzila yaqin tarixdagi eng yomon gumanitar ofatlardan biri bo‘lishi mumkin.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, seysmik faollikning ortishi kelajakda ayniqsa, nazoratsiz kengayib borayotgan, zichlik va zamonaviy xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qurilish standartlaridan aziyat chekadigan shaharning zaifligini hisobga olgan holda, vayronkor zilzilani keltirib chiqarishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA