Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari va Turkiyaning “AKGUN” kompaniyasi hamda Finlyandiyaning “Giunone Consult & Communications Pte Ltd” kompaniyasi vakillari o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida muloqot qilindi.
Unda oziq-ovqat chiqindilarini qayta ishlash orqali issiqxonalar uchun biogaz ishlab chiqarish loyihasining dastlabki bosqichi muhokama qilindi.
Muloqotda issiqxonalar faoliyatida zamonaviy energiya tejamkor isitish tizimida ushbu loyihaning iqtisodiy samaradorligi va atrof-muhitga zararli ta’sirini kamaytirish jihatlari haqida fikr almashildi.
Shuningdek, muloqot davomida oziq-ovqat chiqindilarini qayta ishlash orqali issiqxona xo‘jaliklarini isitish tizimi uchun ishlab chiqariladigan biogazning boshqa energiya resurslardan afzalligi va bu borada Turkiya va Finlyandiya tajribasi asosida amaliyotga tatbiq etilgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida mamlakatimiz issiqxona xo‘jaliklarini isitish uchun taklif etilayotgan mazkur energiya tejamkor zamonaviy loyihani vazirlik va kompaniyalar mutaxassislari hamkorligida ishchi guruh tuzilib, amalga oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishga kelishildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA