Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Issiqxonalarda qishda ham yozdagidek issiq harorat bo‘ladi
17:28 / 2023-11-24

Surxondaryo – yilning barcha faslida ham sarxil oziq-ovqat mahsuloti yetishtirish uchun qulay sharoitga ega hudud. Ob-havosi mo‘’tadil, tuprog‘i unumdor voha. Sohibkorlari issiqxonalar barpo etib, kuz-qish mavsumida ham turli mahsulot yetishtirishda boy tajribaga ega.

Mamlakatimizda issiqxonachilikni yo‘lga qo‘yib, o‘z biznesini yuritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarning har taraflama qo‘llab-quvvatlanayotgani bozorlarimizni qishin-yozin sarxil meva-sabzavot bilan ta’minlab, narx-navo asossiz oshib ketishining oldini olishga xizmat qilmoqda. Dunyoda tabiiy oziq-ovqat mahsulotlariga talab va ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda yurtimizda shu turdagi mahsulotlar xavfsizligi ta’minlayotir.  

Biroq kuz va qishda ziroat yetishtirishning mehnati yengil emas. O‘ziga yarasha xayrli yumushlari bor. Mo‘ljaldagi hosilni olish uchun issiqxonada ter to‘kib ishlash, har bir o‘simlikni mehr bilan parvarish qilish, sovuq kunlarda me’yorida isitish lozim. Qishu yozda dasturxonimizni bezab turadigan brokkoli, qizil rayhon va boshqa ko‘katlar, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, karam singari servitamin oziq-ovqat mahsulotlarni sohibkorlar betinim mehnat evaziga yetishtiradi.  Issiqxona xo‘jaligi uchun qish ob-havosi iliq kelsa, tashvish ham kamroq bo‘ladi. Aksi bo‘lsa, ziroatlarni sovuqdan asrash uchun, ayniqsa, yirik issiqxonalarda yoqilg‘i sarfi oshadi. Bu pallada issiqxonani sovuqdan asrab qolish uchun elektr energiyasidan foydalanishga yoki tabiiy gazni ko‘proq yoqishga to‘g‘ri keladi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda yirik issiqxona barpo etgan 16 tadbirkorlik sub’ekti tabiiy gazdan foydalanuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Ayni paytda ularning 5 tasi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali bilan tuzilgan shartnoma asosida bosqichma-bosqich avtomatlashtirilgan gaz hisoblash uskunasidan foydalanish tizimiga o‘tkazilmoqda. Bu tizim iste’mol qilingan gaz resurslarining aniq hisob-kitobini yuritib, debitorlik masalalariga chek qo‘yadi. Buning uchun iste’molchi foydalanadigan gaz resursiga to‘lovni oldindan amalga oshiradi. Natijada ortiqcha yo‘qotishlar barham topadi. Ikkinchidan, yangi tartib issiqxona bunyod etgan tadbirkorlik sub’ektlarining uzluksiz tabiiy gazdan foydalanishi uchun qulaylik yaratib, ta’minotchi korxonaning inson omilisiz yoqilg‘i yetkazib berishida aniq hisob-kitobga ega bo‘lishi imkonini beradi.  

Masalan, Termiz tumanidagi “Gold agro Fresh” mas’uliyati cheklangan jamiyati 100 gektar maydondagi issiqxonada pomidor va bodring yetishtirmoqda. Issiqxona bir oyda o‘rtacha 2 million metr - kub tabiiy gaz yoqadi. Tadbirkor debitor qarzdorlik to‘liq bartaraf etilgach, imtiyozdan foydalanib, zamonaviy isitish qozonxonalari va tejamkor yondirgichlar, avtomatlashtirilgan gaz hisoblash uskunasidan foydalanishni boshladi.  

Gazchilar zamonaviy issiqxonada bo‘lib, gaz taqsimlovchi uskunalarni ko‘zdan kechirdi. Tabiiy yoqilg‘idan samarali foydalanish holatini o‘rgandi Issiqxona rahbarlari va mutaxassislar bilan suhbatlashib, o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berdi.  

– Ilgari gazdan foydalanishda biroz muammo mavjud edi. Qarzdorligimiz ortib ketib, tarmoqdan uzib qo‘yilganida ko‘mirdan foydalanib, mehnat qilgan paytlarimiz bo‘ldi, – deydi “Gold agro Fresh” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rinbosari Murod Ochilov. – Endi bilyapmizki, tabiiy gaz uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirib, yoqilg‘idan tejab foydalanilsa, muammo o‘z-o‘zidan yechim topar ekan. Biz zamonaviy isitish qozonxonalari va tejamkor yondirgichlar, avtomatlashtirilgan gaz hisoblash uskunasini o‘rnatib, yoqilg‘i muammosini hal etgach, qishning sovuq kunlarida ham bir me’yorda yoqilg‘i bilan ta’minlanishimizni his etdik.  

Yirik issiqxonalarning zamonaviy uskunalar bilan jihozlanishi gaz resurslaridan tejab foydalanish va isrofgarchilikning oldini olishga xizmat qiladi. Biroq qishli-qirovli kunda tarmoqda kutilmagan avariya holatlari yuz bersa, gazchilar qanday yo‘l tutadi?

– Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, mazkur issiqxonada yetishtirilayotgan pomidor, bodringning sifatli pishib yetilishi uchun ob-havoning issiq yoki sovishiga qarab, bir million kub-metrdan uch million kub-metrgacha tabiiy gaz sarflanadi, – deydi “Termiztumangaz” gaz ta’minot bo‘limi muhandisi Sherzod Chorshanbiyev. –Kutilmagan holatlarning oldini olish yoki uni tezkor bartaraf etish uchun mavjud issiqxonalar bilan mustahkam aloqa o‘rnatilgan. Qishning sovuq kunlarida kutilmagan uzilish bo‘lib qolsa, bu holat zudlik bilan bartaraf etiladi. Mavsumda gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammo bo‘lmaydi.“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali mutasaddilarining aytishicha, vohaning Sherobod, Muzrabot, Denov, Sariosiyo, Oltinsoy kabi tumanlarida bodring, pomidor, bulg‘or qalampiri va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari parvarishlanayotgan yirik issiqxonalarni ham kuz-qish mavsumida yetarli tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan.  

Dunyoda tabiiy resurslardan foydalanishga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda ularni tejab ishlatish, tabiiy gazdan oqilona foydalanish dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda. Bu jarayonda gazchilar tadbirkorlik sub’ektlariga tejamkor va zamonaviy qozonxonalarni o‘rnatishni, onlayn rejimda ishlaydigan avtomatlashtirilgan tizimdan foydalanishni tavsiya etmoqda. Bu uskunalar faqat tabiiy gazni tejab qolmay, balki yirik issiqxonalarda qish faslida ham yozdagidek issiq harorat bo‘lishini kafolatlaydi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri