Issiqxonalar to‘kinlikka xizmat qiladi
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan «O‘zbekistonda issiqxona biznesi: bugungi holati, muammolari va istiqbollari» mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan «O‘zbekistonda issiqxona biznesi: bugungi holati, muammolari va istiqbollari» mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.Tadbirda O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Fermerlar kengashi vakillari, mamlakatimizda issiqxona tadbirkorligi sektoriga oid loyihalarni amalga oshirayotgan xalqaro tashkilotlar ekspertlari, mahalliy tadbirkorlik subyektlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov va boshqalar mamlakatimizda iqtisodiy taraqqiyotning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida tabiiy, arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish imkoni oshayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan agrar tarmoqni tubdan isloh qilish, aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Birinchi Prezidentimizning 2006-yil 9-yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Bozorlarimizning to‘kin-sochinligi, qish kunlarida ham meva-sabzavotlar bilan to‘laligi issiqxonalarning samarali faoliyat yuritayotganidan dalolatdir.
Tadbir O‘zbekiston iqtisodiyotining qishloq xo‘jalik sektorida issiqxonalar hissasini oshirish, zamonaviy muhandislik vositalari yordamida hosil yetishtirish samaradorligini ko‘tarishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
– Yangi issiqxona barpo etayotgan fermer va tadbirkorlarga sifatli va kafolatli sabzavot urug‘i va ko‘chatlar, agrotexnik tadbirlar uchun zarur mineral va organik o‘g‘itlar yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bo‘lim boshlig‘i Farrux Omonov. – Mazkur soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan bunday keng qamrovli ishlar bozorlarimizda yil davomida mahsulot serobligini, arzonchilikni ta’minlash barobarida aholi farovonligini yanada oshirish, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bermoqda. Bugungi tadbirda tadbirkor va fermerlarga mazkur soha yo‘nalishida g‘ov bo‘layotgan to‘siqlar, muammolar, ularning yechimi haqida ma’lumot berildi.
Davra suhbatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda issiqxonalar samaradorligini oshirish, ularda ekiladigan navlarni ko‘paytirishga oid masalalar muhokama etildi.