Hozirda Buxoro viloyatida “Buxoro markaziy ta’minot tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan 8 million so‘m miqdorida bo‘lgan bir sotixli ixcham issiqxona qurib berish ishlari jadal olib borilmoqda.
Kambag‘al oilalarning yashash sharoitlarini yaxshilash va daromadlarini oshirish maqsadida viloyatda jami 7 ming 585 ta oila saralangan bo‘lib, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbir ko‘rilmoqda. Jumladan, 12,9 ming nafar fuqaroga imtiyozli kredit, 2,5 ming nafariga subsidiya ajratilgan, 17,5 ming nafari doimiy va mavsumiy ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan, 4,2 ming nafari esa kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish orqali bandligi ta’minlangan.

Bu sa’y-harakat joriy yilda ham davom ettirilib, viloyatda aholi bandligini ta’minlash, qo‘shimcha daromad manbalarini topish, yangi imkoniyatlarni ishga solib, doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirish maqsadida zarur choralar ko‘rilayotgani barobarida ixcham issiqxonalarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hozirda Vobkent tumanida ham turmush tarzi og‘ir kechayotgan, kambag‘al va daromadsiz qolgan oilalarga o‘zlarini tiklab olishlari uchun issiqxona qurib berish, bu borada yoqilg‘isiz isitiladigan, ixcham issiqxonalarni barpo qilish tajribasi ommalashmoqda. Hududdagi mahalla va qishloqlarda 1 sotixdan iborat yer maydonni egallaydigan jami 257 ta ixcham issiqxona qurish ishlariga jadal kirishilgan.

Aholi tomorqasi va ijaraga ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish uchun instrumentlar, “Sayxunobod” tajribasi bo‘yicha aholi tomorqalari mahsuldorligini oshirishda mahalla bankirlari va yordamchi-agentlarning ishtiroki, tomorqalarni suv bilan ta’minlash, ekinlarni tomchilatib sug‘orishning afzalliklari, sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirishda tomorqalarda 2-3 marta hosil olish bo‘yicha agrotexnik tajribani ommalashtirish talabi qo‘yilmoqda.
Shuningdek, yangi tizim “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyilini joriy etish, shu orqali tomorqadan yanada samarali foydalanish, aholi daromadini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri