Toshkent viloyatining ayrim hududlarida atmosfera havosining ifloslanishi darajasini kamaytirish va ifloslantiruvchi gazlarning belgilangan me’yordan ortib ketishi sabablari, energiya resurslaridan tartibsiz foydalanish bilan bog‘liq holatlarini aniqlash maqsadida o‘rganishlar olib borilmoqda.
Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.To‘xtaboyev, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi mutaxassislari va boshqa hamkor tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar amalga oshirilmoqda.

O‘rganishlar davomida Toshkent shahriga chegaradosh bo‘lgan tumanlardagi issiqxonalar faoliyati ko‘rib, mutaxassislar tadbirkor va issiqxona egalariga tegishli tushuntirishlar berib, profilaktika tadbirlari olib borildi.
Xususan, Toshkent tumani “Hasanboy guzari” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 0,80 gektar yer maydonidagi issiqxona o‘rganildi. Unda issiqxona qozonxonasiga filtr o‘rnatilmagani aniqlandi. Holat yuzasidan fuqaro Vyacheslav Dmitriy O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi tegishli moddalari bilan javobgarlikka tortildi. Bundan tashqari, boshqa joylarda ham shu kabi holatlar aniqlanmoqda.

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, issiqxonalar tabiiy gaz, ko‘mir va boshqa yonilg‘i turlarida ishlovchi atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning alohida toifasiga mansub korxonalar hisoblanadi.
– Joylarda o‘rganishlar davomida fuqarolarga muntazam zarur tavsiyalar berilmoqda, — deydi Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Otabek Primov. – Biroq shunga qaramay o‘zboshimchalik bilan amaldagi talablarga bo‘ysunmayotganlar ham uchrayapti. O‘rganishlar davomida ekologik talablarga rioya qilmagan fuqarolar issiqxonalarda chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish, rezina qoldiqlari va boshqa chiqindilardan yoqilg‘i sifatida foydalanmaslik yuzasidan ogohlantirildi.
A.Musayev, O‘zA