Global miqyosda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib borayotgan hozirgi sharoitda qishloq xo‘jaligida uzluksiz ishlab chiqarishni ta’minlash strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda bu ishni rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va muqobil isitish usullaridan foydalanishga ustuvor e’tibor qaratilmoqda.
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida issiqxonalar yil davomida bozorlarni sabzavot va poliz mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashda hal qiluvchi bo‘g‘inga aylandi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, issiqxona sharoitida yetishtirilgan mahsulot hosildorligi ochiq maydonga nisbatan bir necha barobar yuqori. Xususan, bir gektar issiqxonadan kamida 50 tonna, ayrim ekin turlaridan esa 100–120 tonnagacha hosil olish imkoni mavjud.
Bugungi kunda viloyatda issiqxonachilik sohasi izchil rivojlanib, 110,5 gektar maydonda 56 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Ularning ma’lum qismi gidroponika usulini qo‘llayotgan bo‘lsa, qolganlari an’anaviy texnologiyalar asosida mahsulot yetishtirayotir. Natijada mahsulot turlari ko‘payib, bozor ehtiyojlariga mos ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ayni paytda Sharof Rashidov tumanida issiqxonachilik qishloq xo‘jaligining yetakchi yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Hududda yirik va kichik issiqxonalar samarali faoliyat ko‘rsatib, pomidor va qulupnay kabi eksportbop mahsulotlar yetishtirilayotir. Zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi natijasida hosildorlik yil sayin ortib bormoqda.
E’tiborlisi, issiqxonalar faoliyati eksport ko‘rsatkichlarida ham yaqqol aks etmoqda. Agar 2018 yilda tumanda yetishtirilgan mahsulotlar eksporti 2 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda mazkur ko‘rsatkich bir necha barobarga o‘sdi. Yaqin yillarda eksport hajmini 20 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mahallalarda kichik issiqxonalar sonining ortishi aholi tomorqalaridan samarali foydalanish imkonini kengaytirmoqda. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ichki bozorda mahsulotlar to‘kinligini ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidlab o‘tish joiz.
Muxtasar qilib aytganda, issiqxonalar qishloq xo‘jaligida barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish va aholi farovonligini yuksaltirishda muhim strategik omil sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri