Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Issiqxonadan olingan millionlar
08:12 / 2026-01-10

Bugungi kunda issiqxona xo‘jaligi nafaqat aholining bandligini ta’minlash, balki barqaror daromad manbai sifatida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Buni Buxoro viloyati Olot tumani “Xosabo‘yi” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Ilhom Ro‘ziyev faoliyatida ham ko‘rish mumkin.

Ilhom Ro‘ziyev o‘z tomorqasidagi sakkiz sotix yer maydonida barpo etilgan issiqxonada yil davomida turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirib, mo‘l hosil olmoqda. U erta bahordan kartoshka, pomidor, piyoz, bodring, bulg‘or qalampiri kabi sabzavotlar bilan bir qatorda limon, apelsin va mandarin kabi sitrus mevalarni ham parvarishlaydi.

Bugungi kunda issiqxonada 70 tup limon, 30 tup mandarin va apelsin butasi parvarishlanmoqda. Shuningdek to‘rt sotix issiqxonada pomidorning “Agra” naviga mansub 1200 tup ko‘chat ekilgan bo‘lib, yaqin kunlarda hosil yetiladi. Sitrus mevalardan hozirgacha 1 tonnadan ortiq hosil olinib, bozor rastalariga yetkazib berildi. Bundan tashqari, issiqxona maydonidan unumli foydalanib, oila dasturxoni uchun zarur bo‘lgan sarxil ko‘katlar yetishtirish ham tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan.

– Yerga mehr bersang, albatta, baraka topasan. Mahallamizda ko‘pchilik issiqxona bilan shug‘ullanayotgani quvonarli. O‘tgan yili tomorqamizdan 100 million so‘mdan ziyod foyda oldik. Mehnatimiz samarasini ko‘rib, oilamiz farovonligi uchun sarflayapmiz. 

Issiqxona menga nafaqat daromad, balki hayotim mazmuniga aylangan. Tomorqadan oqilona foydalanish, tinimsiz mehnat insonni nafaqat daromadli, balki mustaqil va farovon hayot sari yetaklaydi, – deydi Ilhom Ro‘ziyev.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.