Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani “Rovatak” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi xonadon egalari tomorqadan unumli foydalanib, uni asosiy daromad manbaiga aylantirgan.
– 1990 yillarda limon parvarish qilishni otam boshlagan edi, – deydi tomorqadan yaxshi foyda olayotgan fuqaro Bahodir Saidamirov. – Uning qiziqishi bois, tomorqamizning etagiga 4-5 tup ekib qo‘yar edik. Keyin bizning ham qiziqishimiz ortib, issiqxona tashkil etdik. Keyinchalik yiliga 84 tup limondan 5,5-6 tonnagacha hosil olindi. Bir tup limon 120 kilodan ortiq meva berdi. Hozir limon ko‘chatlarini yangiladik. Qish fasli bo‘lsa ham tinim bilmay issiqxonada mehnat qilmoqdamiz.
Hozir Saidamirovlar tomorqasidagi 2 sotixli issiqxonada apelsin va mandarin, 8 sotixli issiqxonada esa limon ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Xonadon egalarining aytishicha, issiqxonadan yaxshi daromad olishining yana bir siri xonadonida 3 ta 10 tonnalik mevalarni saqlash omborxonasi ham borligidir.

️ Shuningdek, Yuqori Chirchiq tumanining "Istiqbol" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi N.Hayitboyev o‘z oila a’zolari bilan maslahatlashib, issiqxona barpo qildi.
To‘rt sotix maydondagi issiqxonani qurish va uni jihozlashga 45 million so‘m sarflangan bo‘lib, bugungi kunda 1 ming 350 tup pomidor ko‘chatlari gullashga tayyor holatga kelgan.
N.Hayitboyevning issiqxonasi ishga tushganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsada, ikki marotaba hosil olishga erishdi. Oila a’zolari esa ish bilan ta’minlandi.
Mamlakatimizda har bir oilaning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi amalga oshirilmoqda. Toshkent viloyatining ko‘plab hududida bu borada o‘rnak olsa arziydigan oilalar o‘z tajribasiga ega.
A.Musayev, O‘zA