Buxoro tumani “Ko‘chko‘mar” mahalla fuqarolar yig‘ini “Safkarda” qishlog‘ida joylashgan 5-umumta’lim maktabida yerdan samarali foydalanish, o‘quvchilarda mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish hamda maktab byudjetini qo‘llab-quvvatlash maqsadida muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Maktab hududida tashkil etilgan limon yetishtirishga mo‘ljallangan issiqxona bugungi kunda ta’lim maskani uchun barqaror daromad manbaiga aylanmoqda.

Maktabdagi har bir qarich yerdan unumli foydalanish maqsadida barpo etilgan bir sotix maydondagi mo‘’jazgina issiqxonada 15 tup limon daraxti parvarishlanmoqda. Zamonaviy agrotexnik talablar asosida olib borilayotgan parvarish ishlari natijasida limon nihollari yaxshi rivojlanib, mo‘l hosil bermoqda.

Yetishtirilgan limon mahsulotlari maktab ehtiyojlari uchun sarflanishi bilan birga, bozorga chiqarilib sotilmoqda. Natijada olingan daromad maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quv jarayonini yaxshilash hamda turli ta’limiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilmoqda.
Mazkur issiqxona nafaqat daromad manbai, balki o‘quvchilar uchun muhim amaliy ta’lim maydonchasi hamdir. O‘quvchilar issiqxonadagi ishlar jarayonida mehnatsevarlik, mas’uliyat, tejamkorlik va tabiatga mehr kabi fazilatlarni o‘zlashtirmoqda. Bunday tashabbuslar yoshlarni kelajakda kasb tanlashga yo‘naltirishda ham muhim ahamiyat kasb etib, maktab faoliyatining samaradorligini yanada oshirmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.