“Buxoro – agro” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan “Bukhara -Varnet” O‘zbekiston — Turkiya hamkorligidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatidada gidroponika usulida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda.
Korxona tomonidan 2022 yilda umumiy qiymatda 25 milliard so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarildi. Qariyb 2 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilindi.
– Mamlakatimiz agrar tarmog‘idagi yangiliklardan biri bo‘lgan “Bukhara-Varnet” MCHJ aytish mumkinki, hozirgi davr issiqxona xo‘jaligining zamonaviy moduli hisoblanadi, – deydi mazkur MCHJ ijrochi direktori Beshim Hamroyev. – Negaki, ayni paytda xuddi shunday issiqxonaning muqobili yurtimizda mavjud emas. Bu Niderlandiya davlati andozasidir. Dastlabki yili bu loyihaga Turkiya davlati investorlari tomonidan 2 million AQSH dollaridan ziyod sarmoya kiritildi. Issiqxona tomi Niderlandiya davlati konstruktiv texnologiyasiga asoslangan va to‘la avtomatlashtirilgan rejimda ishlaydigan oynavand ashyo bilan qoplangan. Egatlarga tortilgan maxsus “kokos tuproq”li jo‘yaklarda yetishtirilayotgan pomidor, bodring va boshqa sabzavot mahsulotlari turli darmondorilar bilan boyitilgan tomchilatib sug‘orish tizimi orqali parvarishlanmoqda. Dastlabki yillarda korxona issiqxonasida ya’ni, Turkiya davlati agronomlari ish uslubi asosida parvarishlangan 3 gektarli ekin yerida nishona hosil sifatida sara navli 72 ming tup pomidor ko‘chatining har biridan 15 kilogrammga yetkazib xushxo‘r hosil ko‘tarishga erishildi. Endilikda xuddi shu uslubni 40 gektardan ziyod ekin yerimizda qo‘llayapmiz.
Issiqxona ayni kunda Peshku, Romitan, Buxoro, Kogon va Jondor tumanlaridan ajratilgan jami 3 ming gektar ekin yerini o‘zida qamrab olgan “Buxoro Agro” erkin iqtisodiy zonasining bir qismi hisoblanadi. Mahalliy iqlim sharoitini puxta o‘rgangan holda yurtimizda, aynan Buxoroda qishloq xo‘jaligiga, xorij texnologiyasi asosida issiqxona biznesiga sarmoya tikishga qaror qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga deyarli ming gektar yer ajratib berilgan. Ular qatorida chet ellik sarmoyadorlar ham bor.
“Bukhara Varnet” tasarrufidagi 120 gektar yerning katta qismida qurilish, konstruksiyalarni o‘rnatish, jihozlash, avtomatlashtirish kabi ishlar davom ettirilmoqda. Muhimi, korxona to‘liq ishga tushirilganida yillik mahsulot yetishtirish quvvati 33,8 ming tonnaga yetkaziladi va bunda jami 2 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Korxonada tajriba – sinov uchastkalari, ko‘chatxona xo‘jaligi bilan birga o‘tgan yildan invitro – laboratoriyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yishga kirishilgan. Masalan, bunda jami qurilgan tajriba uchastkalari 70 ta shoxobchaga bo‘lingan va uning har biri 2 sotix maydondan iborat. Ularning har birida 6 kishi mehnat qilishi hisob-kitob qilinsa, mahalliy aholi vakillaridan 400 kishining doimiy bandligi ta’minlanadi. Qolaversa, mazkur tajriba shoxobchalari – qurib jihozlanadigan havzalarda forel turidagi losos sinfiga mansub baliqlar, uning ikkinchi yarusida sitrus meva – limon mahsuloti va uchinchi yarusida esa qulupnay kabi mahsulot yetishtirish imkoniyati yaratilmoqda. Mazkur baliq havzalari yer tubidagi 2,5 metr chuqurlikda bo‘lgan issiq havo harorati bilan, maxsus sirkulyatsiya quvurlari yordamida isitiladi.
Ikkinchi loyiha ko‘chatxonalar umumiy maydoni deyarli 1,5 gektardan iborat bo‘lib, ularda yil davomida 30 million tupgacha anvoyi ko‘chatlar yetishtirish imkoniyati mavjud. Bu ko‘chatxonalar maxsus stellajlar va qolipli kassetalar bilan jihozlangan bo‘lib, shu kassetalarga urug‘larni ekish jarayoni to‘la avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Ko‘chatxona ichki qismida yomg‘irlatib sug‘orish tizimi va maydonni suv tomchilari yordamida salqinlatish uchun maxsus tizim o‘rnatilmoqda. Bunday tizimlarning mavjudligi yil davomida ko‘chat yetishtirish uchun o‘ziga xos mikroiqlimni yaratadi.
Shuningdek, issiqxona majmuasida invitro texnologiyasiga asoslangan laboratoriyalar mavjud bo‘lib, ular zamonaviy va tan olingan samarali usullarda maxsus ko‘chat yetishtirish va yangi navlar yaratish uchun mo‘ljallangan shkaflar bilan jihozlangan. Ahamiyatli jihati, bunday shkaflarning har biri alohida harorat va muhitga ega, ya’ni, kislorod konsentratsiyasi, nisbiy namlik, harorat va kerakli tezlikdagi havo almashinuviga ega, nazorat qilish hamda boshqarish imkoniyatini beradi. Bunday maxsus shkaflarda yetishtiriladigan ko‘chatni hujayraviy davridan boshlab to ko‘chat ko‘rinishiga kelgunicha parvarishlash yangi navlarni sinash va yetishtirish imkonini beradi.
Zarif Komilov,
O‘zA