Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Issiqxona xo‘jaliklarining muammolari o‘rganildi
18:46 / 2025-10-06

O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ulug‘bek Sa’dullayev ishtirokida Nukus shahri va barcha tumanlarda issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan suhbatda ular tomonidan bildirilgan muammo va takliflar tinglandi.

Uchrashuvda tadbirkorlar uchun belgilab berilgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida, jumladan, soliq qarzini to‘lash muddatini 2028 yilning oxirigacha kechiktirish, 2025 yil 1 oktyabr holatiga hisoblangan penya, moliyaviy va ma’muriy jarimalarni hisobga olish, 2028 yilning oxirigacha daromadi 60 foizdan oshsa, ijtimoiy soliq stavkasini 12 foizdan 1 foizga tushirish, yer fondi toifasiga qaramasdan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun soliq stavkalarini qo‘llash bo‘yicha to‘liq tushuntirish berildi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 75 tadbirkorlik sub’ekti 169,1 gektar yer maydonida issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Ular tomonidan barpo etilgan issiqxonalarda 2025 yil yakuniga qadar 7 ming tonnadan ziyod, 2026 yil davomida esa 10 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsuloti, jumladan, 5 ming 915 tonna pomidor, 2 ming 151 tonna bodring, 1 ming 75 tonna limon va 1 ming 613 tonnadan iborat boshqa sabzavotlar yetishtirish rejalashtirilgan.

Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan ayrim muammoli masalalar joyida hal etildi. Ayrimlari bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri