Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi “Komolabegim Agro Food” MCHJga qarashli issiqxona besh yildan buyon faoliyat yuritadi. 6 gektar maydonni egallagan ushbu zamonaviy issiqxonada bo‘lgan har bir inson bu yerda yaratilgan qulayliklarni ko‘rib, o‘zi ham shunday ezgu ishga qo‘l urishga ahd qilishi tayin.
Negaki, besh yildan buyon asosan pomidor va bodring yetishtirib, mo‘l hosil olayotgan issiqxona jamoasining haqiqiy mehnati ular yaratgan imkoniyatlarda yanada yaqqol namoyon bo‘layotir.
Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, “Komolabegim Agro Food” MCHJga qarashli ushbu issiqxona tabiiy gaz o‘rniga ko‘mirdan foydalanadigan issiqxonalardan biridir.
Bugun Energetika vazirligi, “O‘zneftgazinspeksiya”, “O‘ztransgaz” AJ va “Hududgazta’minot” AJ tomonidan tashkil etilgan press-turda mahalliy OAV vakillari, jurnalist va blogerlar aynan shu issiqxona faoliyati bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo‘ldi.
Dastlab ishtirokchilarga ushbu issiqxona boshqaruvchisi Abdushukur Umarov hamrohlik qilib, bu yerdagi hosil yetishtirish jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
– 2017 yil ikki gektarda, 2019 yil esa yana to‘rt gektarda hosil yetishra boshladik, – dedi A.Umarov. – Bu yerda pomidor, bodring, baqlajon, bulg‘or qalampirini ekamiz. Bir yilda ikki marotaba hosil olamiz va daromadimiz o‘rtacha yiliga 100-150 ming dollarga to‘g‘ri keladi. Yetishtirilgan hosilning 40 foizi ichki va 60 foizi tashqi bozorga yo‘naltiriladi. Issiqxonamiz ko‘mirdan foydalangan holda faoliyat yuritadi. Ko‘mir bilan gazning farqi shundaki, ko‘mirning zaxirasini mo‘l qilib qo‘yilsa, bemalol ishlatish mumkin. Gazga kelsak, bosim pasaysa, issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlar hosiliga putur yetadi.
Press-turda ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirilgan issiqxonalarning afzalliklari haqida mutaxassislar bilan muloqot qilindi. Ularning ta’kidlashicha, tabiiy gaz tobora qiymati yuqori va nisbatan qimmatbaho tabiiy zaxiraga aylanib bormoqda.
Energetika vazirligi boshqarma boshlig‘i Akmal Eshonqulov tabiiy gazga nisbatan arzon bo‘lgan yoqilg‘i turi – ko‘mirdan foydalanishga o‘tish biznesda mahsulot tannarxining oshib ketishi xavfini sezilarli darajada pasaytirishini ta’kidladi.
[gallery-9299]
– Mamlakatimizda qulay sharoit va biznes muhiti yaratilgani uchun yildan-yilga tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati rivojlanib bormoqda. Keyingi besh yilda xususiy sektorning ishlab chiqarish hajmi qariyb 21 foizdan 83 foizga o‘sgan. Energetika vazirligi elektr ta’minoti bo‘yicha vakolatli organ sifatida tadbirkorlik sub’ektlariga va boshqa turdagi iste’molchilarga energiyaning qaysi yo‘nalishda rivojlanishi, bozor konyukturasining energiya tizimida qanday o‘zgarishi, narxlar siyosati bo‘yicha oldindan ma’lumotlar beradi. Masalan, issiqxona qurish bo‘yicha istiqbolli rejalar qilinib, 25-30 yilga mo‘ljallab barpo etiladi. Tadbirkorlar 15-20 yildan keyin energiya tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘lishini bilishi zarur. bugungi tashkil etilgan press-tur ham mana shu yo‘nalishda tushuncha va ma’lumotlar berishga qaratilgan. Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda gaz yetkazib bermaslik hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda muammolar bo‘layotgani aytilyapti. Bu masalaga chuqurroq yondashadigan bo‘lsak, har qanday issiqxona xo‘jaligi bo‘ladimi, qurilish materiallari ishlab chiqaradigan korxonami, yetkazib beruvchi korxona bilan shartnoma tuzgan paytda tabiiy gazga muqobil yoqilg‘i zaxirasiga ega bo‘lishi haqida rasman ogohlantiriladi. Gazlashtirishdan oldin texnik shart asosida loyihalar qilinadi. Loyiha hujjatida ham bu alohida ko‘rsatiladiki, har bir tabiiy gaz yoquvchisi bo‘lgan iste’molchi uch oylik tabiiy gazga muqobil bo‘lgan yoqilg‘iga moslashtirilgan bo‘lishi lozimdir, – dedi A.Eshonqulov.
Tadbirda issiqxona sharoitida ko‘mir yoki tabiiy gaz yordamida mahsulotlar yetishtirish uchun sarf etiladigan umumiy xarajatlar hisob-kitobi xususida ham ma’lumot berildi. Masalan, Toshkent viloyatida bir xil tabiiy sharoit, bir xil maydon va bir xil mahsulot yetishtirishga ixtisoslashgan – ko‘mirda ishlovchi mazkur issiqxona va tabiiy gazda ishlovchi issiqxona xo‘jaligi faoliyati solishtirilganda ko‘mir yoqilg‘isida mahsulot yetishtirish tabiiy gazga nisbatan 57 foizga arzon tushishi yoki 143 million qo‘shimcha daromad keltirish imkoniyati yuzaga keladi. Ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanuvchi issiqxonada mahsulot yetishtirish uchun mavsum davomida o‘rtacha 432 million so‘m xarajat qilgan holda 1 milliard 320 million so‘m daromad olinishi yoki sof foyda 885 million so‘mni tashkil etishi mumkin. Demak, ko‘mir yoqilg‘isiga ketgan xarajat 106 million so‘mni yoki umumiy xarajatning 25 foizini tashkil etadi.
Tabiiy gazdan foydalanuvchi issiqxonada mahsulot yetishtirish uchun o‘rtacha 578 million so‘m xarajat qilgan holda 1 milliard 320 million so‘m daromad olinishi yoki sof foyda 741 million so‘mni tashkil etishi mumkin. Shundan tabiiy gazga ketgan xarajat 250 million so‘mni yoki umumiy xarajatning 43 foizini tashkil etadi.
– bugungi kunda tadbirkorlarimiz o‘z faoliyatida asosan tabiiy gazdan foydalanadi, – dedi “O‘zneftgazinspeksiya”si boshqarma boshlig‘i Bobirbek Nabiyev. – Tabiiy gaz cheklangan energiya resurslaridan. Bozor iqtisodiyoti tabiiy gazga muqobil bo‘lgan yoqilg‘i turlaridan foydalanishni taqozo etmoqda. “Komolabegim Agro Food” MCHJga qarashli ushbu issiqxona faoliyati bilan tanishish chog‘ida tabiiy gazga muqobil bo‘lgan ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanib, yaxshi samaraga erishayotganiga guvoh bo‘ldik. bugungi kunda mamlakatimizda 2 ming gektardan ziyod maydonda qariyb 1 ming 67 ta issiqxona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ular asosan tabiiy gazda ishlaydi. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi qaroriga asosan kuz-qish mavsumida strategik ob’ektlarga birinchi navbatda tabiiy gaz yetkazib berish ustuvor qilib belgilangan. Tadbirkorlik sub’ektlariga esa uch oyda yetadigan miqdorda o‘zlarida tabiiy gazga muqobil bo‘lgan zaxirani shakllantirish va zaxira yoqilg‘i xo‘jaligi bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan. Olti gektar maydonni egallagan ushbu issiqxona ham 2017 yilda faoliyatini tabiiy gaz bilan boshlagan bo‘lsa, 2019 yildan berilgan tavsiyalar asosida ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanib, iqtisodiy samaraga erishmoqda.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri