FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani Qurama mahallasida aholi bandligini ta’minlash va tomorqadan unumli foydalanish borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Ayni paytda mahallada ishsizlik darajasi aholi sonining atigi 5 foizini tashkil etmoqda.
Hududda 500 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularning aksariyatida issiqxonachilik yo‘lga qo‘yilgan. Mahalladagi 270 dan ortiq issiqxona ko‘plab oilalar uchun asosiy daromad manbaiga aylangan.
— Daromadim yiliga o‘rtacha 100 million so‘mni tashkil etadi, - deydi tomorqa egalaridan biri Shuhrat Boborahimov. — 11 sotix yer uchun bu munosib natija. Mehnat qilgan inson albatta samarasini ko‘radi.
Issiqxonalarda hozirda pomidor, bulg‘or qalampiri, karam va gul ko‘chatlari yetishtirilmoqda.
Mahalla faollaridan Hilola Sulaymonova uzumchilik bilan bir qatorda issiqxonada ko‘chatchilik faoliyatini ham yo‘lga qo‘ygan. Bunday tashabbuslar aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish va mahallani ishsizlikdan xoli hududga aylantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida tumanda aholi va yoshlarga jami 2630 gektar yer maydoni ajratildi. Ushbu maydonlarning 1260 gektarida qulupnay yetishtirilmoqda.
[gallery-27718]
Bugungi kunda qulupnaychilik tuman brendiga aylanib, qariyb 3000 gektar maydonda yo‘lga qo‘yilgan. Natijada minglab oilalar barqaror daromadga ega bo‘lmoqda. Sohada zamonaviy agrotexnologiyalar joriy qilinib, tomchilatib sug‘orish tizimi keng qo‘llanilmoqda, eksportbop navlar mahalliy sharoitga moslashtirilmoqda. Shuningdek, bir yilda 3–4-marta hosil olish va erta yetishtirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Qayqi qishlog‘ida 35 nafar fuqaro “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida issiqxonalar tashkil etib, qulupnay yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Ayni paytda plyonka ostida tomchilatib sug‘orish usulida “Osiyo” navli qulupnay parvarish qilinmoqda. 10–15-mart kunlari ilk hosilni yig‘ish boshlanishi kutilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA