Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Issiqxona – tomorqa yerlarida daromad manbai
19:17 / 2021-12-21

FAO qishloq aholisi daromadlarini oshirishga katta e’tibor qaratmoqda.

Sabzavot, ko‘katlar va ko‘chat yetishtirish uchun issiqxonadan foydalanib, juda qiziqarli va daromadli tijorat g‘oyasini amalga oshirish mumkin. Axir, uy oldidagi kichik issiqxona ham xo‘jalikni rivojlantirish uchun asos bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan barqaror daromad manbaiga aylanishi isbotlangan.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) dekabr oyida tomorqa yerlaridan yanada samarali foydalanish uchun Buxoro viloyati Buxoro tumani va Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanlari qishloq aholisiga 40 ta issiqxona yetkazib berdi.

Aytishlaricha, benefitsiarlar mahalliy hokimliklar bilan kelishgan holda ijtimoiy-iqtisodiy himoyaga muhtoj fuqarolar ro‘yxati asosida tanlab olindi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitalari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

Ushbu tashabbus FAO va Global ekologik jamg‘armaning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” loyihasi doirasida o‘tkazilayotgani katta ahamiyatga ega.

– Yuqori daromad issiqxonani doimiy takomillashtirish va bosqichma-bosqich kengaytirish orqali olinishi mumkin. Bu esa ekinlarni ekish va to‘g‘ri parvarish qilish bo‘yicha ma’lum ko‘nikma, malaka va bilimlarni talab etadi, – deydi loyiha milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov. – Shu bois issiqxonalar qurib berilgandan so‘ng ularning egalari bilan treninglar o‘tkazildi. Qishloq aholisiga issiqxonani boshqarishning barcha jihatlari o‘rgatildi.

Ta’kidlash joizki, loyiha doirasida 2021 yil davomida benefitsiarlarga 108 ta issiqxona ajratilgan. Yaqinda topshirilgan issiqxonalardan tashqari, yanvar oyida Buxoro viloyatining Buxoro va Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanlarida koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy-iqtisodiy ko‘mak sifatida 34 ta issiqxona tomorqa yer egalariga topshirilgan edi.

Shuningdek, “Zamin” Xalqaro jamoat fondi, FAO, Xalq ta’limi vazirligi va Prezident ta’lim muassasalari agentligi tashabbusi bilan “Zamin Eco-Education” dasturining “Yosh fermer” loyihasi uchun ekomaktablarga issiqxonalar qurib berildi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirish maqsadida o‘qituvchilar uchun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib kelinmoqda.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA