Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida issiqxona barpo etib, sarxil oziq-ovqat mahsulotlari parvarishlash xonadonlarning qo‘shimcha daromad manbaiga aylanmoqda. Tuman aholisining 3 ming 700 gektardan ortiq maydonda tomorqasi mavjud. Undan oqilona foydalanib, yaxshi daromad olayotgan oilalar to‘kin, farovon turmush kechirmoqda.
Tumanning Yakkabog‘ mahallasida yashaydigan Sodiq Turdiyevning asl kasbi hisobchi. U tomorqasining 7 sotixida issiqxona tashkil etib, mandarin, limon, apelsin, papaya o‘simliklarini parvarish qilishni yo‘lga qo‘ydi. Ko‘chatlar hosilga kirguncha pomidor, bodring, ko‘kat yetishtirdi.


– Issiqxona nafaqat oila byudjetining tayanchi, balki kishiga shavq ulashadigan, ko‘ngilga orom beradigan ish, – deydi S.Turdiyev. – Avvalo, xorijdan keltirilgan bu mevalarni yetishtirish men uchun tadbirkorlikdan tashqari zavq bag‘ishlaydigan mehnat.
Ko‘chatlar hosilga kirguncha qishin-yozin turli oziq-ovqat ekinlarini parvarishlab, yaxshi hosil oldik. Sitrus mevalarimiz hosil nishonlarini ko‘rsatgach, unga mehr qo‘ydik. Asta-sekin tajribamiz oshib, daromadimiz ham shunga yarasha bo‘lyapti.

Issiqxonachilikni qo‘shimcha daromad manbaiga aylantirgan oila a’zolari har bir daraxtning rivojlanishini o‘rganib, mahalliy iqlimga moslashtirib olgan. Ular issiqxonadagi mevalardan yiliga 40-50 million so‘m daromad olmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri