French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Issiqxona oilani boqadi (+video)
11:18 / 2025-02-20

Oqoltin tumanining Toshkent mahallasida istiqomat qilayotgan Hasan Tilovov issiqxonada pomidor va bodring yetishtirishni yangi biznes yo‘li sifatida tanlab, o‘z tomorqasida 8 sotixli issiqxona xo‘jaligini tashkil etdi. Buning uchun tijorat bankidan 3 yil muddatga imtiyozli kredit oldi. Talabga qarab, pomidor va bodring yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi.

—Bilasizmi, issiqxona xo‘jaligi, unda yetishtiriladigan mahsulotlar mavsumga bog‘liq emas,— deydi Hasan Tilovov. — Bu   faoliyat turi yiliga bir necha marotaba qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish imkonini beradi. Qolaversa, ochiq usulda ekilgan ekin turiga qaraganda, issiqxona sharoitida ekilgan ekin turidan, masalan pomidor, bodring, sabzi kabi mahsulotlardan mo‘l hosil olish mumkin. Asosiysi, sifatli, har qanday bozorda raqobatlasha oladi. Shu boisdan issiqxona sharoitida yetishtirilayotgan mahsulotlar ichki bozorda bo‘lgani kabi xorij bozorida ham juda xaridorgir.  

Hasanjon  birinchi yil issiqxonasiga ekkan pomidor va bodring mahsulotlari hisobidan 150 million so‘m atrofida  daromad qilib,   daromadi hisobidan  70 million so‘mga ko‘mir mahsuloti bilan ishlaydigan isitish tizimini qurdi. O‘tgan mavsum va joriy mavsumda olgan daromadi  oldingi mavsumda olgan daromadidan 1,5 baravarga ko‘p bo‘ldi. Muhimi, ekinlar baravj, hosil ham shunga yarasha. E’tiborli jihati,  issiqxona sharoitida  yetishtirilgan mahsulotlarni hozircha ichki bozorga chiqarayotgan bo‘lsa, kelgusida  MDH davlatlariga eksport qilishni rejalashtirgan.  

[gallery-21840]

Uning ta’kidlashicha, issiqxona texnologiyalariga sarflangan mablag‘larning iqtisodiy samarasi yuqori. Lekin ochiq sharoitda yetishtirilayotgan pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri va boshqa mahsulotlar hamma vaqt ham kutilganidek natija beravermaydi. Chunki, ochiq turdagi mahsulot sifati issiqxona sharoitida yetishtirilayotgan mahsulotdek sifatli bo‘lavermaydi. Uning ustiga faqatgina bitta mavsumda hosil olishingiz mumkin. Issiqxona xo‘jaligida yetishtirilayotgan mahsulotlar sifatliligi va chiroyliligi bilan bozorni ishg‘ol qilish imkonini beradi.

Bir hisobdan qaralganda to‘g‘ri, ammo issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlarning  ochiq dalada yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan farqli jihati, aniq agrotexnik qoidalarni talab qiladi. Bunda o‘simlikning ehtiyoji uchun kerak bo‘ladigan yorug‘lik, barqaror harorat, namlik,  suv ta’minoti, mineral o‘g‘it muhim hisoblanadi. Bu esa, hosilning sifati yaxshilanishiga, miqdorining oshishiga yordam beradi.

—Pomidorlar  uchun eng qulay harorat kunduzi 22-25°C, tungi harorat esa 16-18°C atrofida bo‘lishi kerak,—dedi Hasan Tilovov. — Bodringlar uchun esa, kunduzi 20-25°C, tungi 18°C harorat yaxshiroq bo‘ladi. Harorat o‘zgarishlariga barham berish uchun issiqxonada yoritish va havo aylanishiga e’tibor berish muhim. Shuningdek, namlikni ham tartibga solish kerak, chunki yuqori namlik ularning rivojlanishiga yordam bersa, yorug‘lik o‘simlikning o‘sishini va rivojlanishini sezilarli darajada yaxshilaydi. O‘g‘itlarning miqdori va turi o‘simlikning o‘sish davriga muvofiq ravishda tanlanishi kerak. Misol uchun aytganda, azot mineral o‘g‘iti o‘simlik o‘sishi va barglarining rivojlanishiga, fosfor gullashi va tugunchalarning ko‘p bo‘lishiga, kaliy bo‘lsa hosilning sog‘lom bo‘lishiga zamin hozirlaydi. Bundan tashqari, sug‘orish tizimi muhim hisoblanib, ortiqcha yoki kam suv berish hosilni pasaytiradi. Rejali ishlar, odatiy zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlarini aytmaganda, issiqxona sharoitida ishlayotgan ishchiga qiyinchilik tug‘dirmaydi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-8Qud3hz1Nw" title="Issiqxona oilani boqadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Xullas, uning rejalari katta. Ayni vaqtda issiqxona xo‘jaligi hisobiga nafaqat o‘zi, oila a’zolari ham ishli bo‘ldi. Kelgusida  u faoliyatini  yanada kengaytirib, qo‘shimcha  uch- to‘rtta  ish o‘rni yaratmoqchi. Bunday yutuqqa erishishda issiqxona xo‘jaligini tashkil etish to‘g‘risida  ustozlari bergan maslahat va tavsiyalar nihoyatda qo‘l kelyapti.  

Issiqxona xo‘jaligining yana bitta ahamiyatli tomoni, kichik issiqxona ho‘jaligi hisobidan bitta oilani boqish mumkin. Qolaversa, ish izlab, chetga chiqishga xojat qolmaydi. Dasturxondan pomidor, bodring uzilmaydi.  Buni Hasanjon va uning oila a’zolari yaxshi biladi. Shu boisdan ular bor e’tiborini shu sohani rivojlantirishga qaratgan.

G‘ulom Primov,

O‘zA muxbiri