Surxon vohasining tabiiy iqlim sharoiti va unumdor tuprog‘i yilning to‘rt faslida ham turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari parvarishlashga qulay muhit yaratgan.
Viloyatda ertagi sabzavot, poliz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilishining, subtropik o‘simliklar mehr bilan parvarishlanib, mo‘l hosil olinishining, bu ishning etagidan tutgan kishilar to‘kin, farovon turmush kechirishining siri ham shunda. Chunki ular qishin-yozin mehr bilan parvarishlangan ekinning ro‘zg‘ordan ortiq qismini bozorga chiqarib, elimiz dasturxoni obodligini ta’minlashga yo‘naltiradi.

Men sizga aytsam, avvallari vohadagi mo‘’jazgina tomorqalarda issiqxona barpo etilib, mahsulot yetishtirilgan bo‘lsa, endilikda davlatimizning sohaga qaratayotgan e’tibori tufayli bu yumush nafaqat oilalarning, balki ishbilarmon sarmoyadorlarning ham ishonchli daromad manbaiga aylandi.

Prezidentimizning 2025 yil 8 oktyabrdagi “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham sohani yanada rivojlantirib, tabiiy oziq-ovqat ekinlari yetishtirishga qiziqish va intilishni oshirdi. Issiqxonachilikni kengaytirishga qo‘shimcha rag‘bat uyg‘otdi.

Farmon ijrosini ta’minlash va issiqxonachilikni yanada yuksaltirib, tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari eksportini oshirish uchun Termiz tumanidagi “LAMOS AGRO ANTELLI” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli issiqxona xo‘jaligida viloyat va tuman hokimliklari mutasaddilari, soha rahbarlari, issiqxona egalari hamda tadbirkorlar ishtirokida seminar tashkil etilib, tarmoqning samaradorligini oshirish masalalari tahlil qilindi. Hujjatda belgilangan ustuvor vazifalar, issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Issiqxona egalarining taklif va mulohazalari tinglanib, tavsiyalar bildirildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatdagi 215 ta qishloq xo‘jaligi korxonasi va fermerlar 446 gektardan ortiq maydonda issiqxona barpo etib, turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirmoqda. 183,9 gektar maydondagi issiqxona tabiiy gaz, 101,3 gektari ko‘mir bilan isitiladi. 161,7 gektar maydondagi 131 ta issiqxonada isitish tizimlarisiz mahsulot parvarishlanadi.
Viloyatda yirik issiqxonalarning bunyod etilishi xorij tajribasini o‘rganib, eng samarali usullarini joriy etishga intilishni oshirdi. Hozir viloyatda besh gektar maydondagi bitta issiqxona gidroponika usulida barpo etilgan. 534,2 gektar maydondagi yuzta issiqxonada tomchilatib sug‘orilmoqda. Kelgusida ularning sonini yanada ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, sohada yuqori daromad faqat issiqxonani takomillashtirish, ekinlarni ekish va to‘g‘ri parvarishlash, bosqichma-bosqich kengaytirish orqali olinadi. Shu maqsadda viloyatda issiqxona xo‘jaliklari uchun seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ularning malaka va ko‘nikmalarini oshirishga ham alohida ahamiyat berilmoqda.
Issiqxona xo‘jaliklari bu yil kuz va kelgusi yil qish-bahor mavsumida pomidor, bodring, baqlajon, bulg‘or qalampiri, gulkaram, brokolli, salat bargi, ko‘katlar va boshqa noan’anaviy oziq-ovqat ekinlarini parvarishlaydi. Limon, qulupnay, ko‘chat yetishtiradi. Vohadagi yirik issiqxonalarda 134 nafar mahalliy, uch nafar xorijlik tajribali agronom, uch mingdan ortiq doimiy va mavsumiy ishchi mehnat qilmoqda. Shuningdek, aholi tomorqalarida tashkil etilgan 92,2 gektar maydondagi 461 ta issiqxonadan 2 ming 397 tonna hosil olindi. Yilning o‘tgan davrida issiqxonachilar xorijga213 ming dollardan ortiq qiymatdagi tabiiy, servitamin oziq-ovqat mahsulotini eksport qildi.
Viloyatda issiqxona xo‘jaliklarining rivojlanayotgani hududlarning eksport salohiyatini oshirib, yurtimizga qo‘shimcha daromad keltirmoqda. Bozorlarga qishin-yozin tabiiy, arzon oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va odamlarning to‘kin, obod va osuda yashashiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA