Mamlakatimizda issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish uchun xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish muhim hisoblanadi. Issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishning bir qancha afzalliklari bo‘lib, eng avvalo global isish va iqlim o‘zgarishini sekinlashtiradi. Bu jarayon nafaqat ekologik, balki iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga yordam beradi. Bu yo‘nalishda soha mutaxassislari tomonidan samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligida Koreya iqlim o‘zgarishini o‘rganish instituti (KICC) bilan issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirish bo‘yicha xalqaro loyihalarni muhokama qilish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda KICC Bosh direktori Shin Yong-Von va KICC tadqiqotchilari Li Gyun-yon va Kim Jun-Yeon hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yashil iqtisodiyotga o‘tish va rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv boshida Shin Yong Von vazirlikka samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va O‘zbekiston bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holati haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tdi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida va Farg‘ona viloyati Furqat tumanida qizilmiya chiqindilari va paxta (g‘o‘zapoya) chiqindilaridan foydalangan holda bio-palet ishlab chiqarish va undan energiya manbai sifatida foydalanishga qaratilgan loyihalar atroflicha muhokama qilindi, deyiladi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotida.
Mazkur loyihalar mamlakatda issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirishga qaratilgan bo‘lib, mamlakatning xalqaro va milliy darajadagi majburiyatlarini bajarishga zamin yaratadi. Janubiy Koreyaning bu boradagi tajribasi qishloq xo‘jaligi chiqindilarini kamaytirishga, muqobil texnologiyalardan foydalanishni kengaytirishga hamda mamlakatda iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy barqarorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishga ko‘mak berishi mumkin.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda issiqlik nasoslarini o‘rnatish va ularni ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish yuzasidan takliflar berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli va istiqbolli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi.
M. Hojiakbarova, O‘zA