Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushini kengaytirish maqsadida 2024 yil uchun maqsadli ko‘rsatkich 9 foiz yoki 8,6 kVt/ soat etib belgilangan bo‘lib, o‘tgan yil yakuni bilan bu 16 foiz yoki 13 kVt/ soatni tashkil etdi.
Kichik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkich 150 MVt etib belgilangan. Amalda bu 972,0 MVtni tashkil qilib, ortig‘i bilan bajarilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida aytib o‘tildi. Unda Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo‘chqorovning “2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi” ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga javobi ko‘rib chiqildi. Mazkur masala bo‘yicha deputat Bekmirza Eshmirzayev batafsil ma’lumot berdi.
Javobda keltirilishicha, mamlakatimizda “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, ekologik xavfsiz texnologiyalarni qo‘llash, energiya samaradorlikni oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Xususan, 2030 yilga qadar belgilangan yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan issiqxona gazlari chiqindilarini 2010 yilga nisbatan 35 foizga kamaytirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkich ortig‘i bilan bajarilgan.
“Yashil energiya sertifikatlari”ning tizimi joriy etilishi natijasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan va ekologik jihatdan toza texnologiyalardan foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarish ko‘lami kengaygan. Xususan, joriy yilning o‘zida 350 mingdan ortiq “yashil energiya” sertifikatlari savdosi amalga oshirilgan. Bu esa yakuniy foydalanuvchilarga o‘z mahsulotlarini sotish va eksport qilish hajmini oshirish, xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlaridan “yashil” investitsiyalar va “yashil” kreditlarni jalb qilish imkonini berdi.
Parlament so‘roviga kelgan javobda keltirilganidek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ko‘lamini kengaytirish, sohaga davlat subsidiyalari va rag‘batlantirish mexanizmlarini tatbiq etilishi natijasida hozirgi kunga qadar 6 ming 539 MVt qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirilgan.
Shuningdek, “Yashil” davlat xaridlarini qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratilib, ekologik mezonlar eng yaxshi takliflarni tanlash va tenderlardagi xarid qilish hujjatlariga majburiy tartib sifatida belgilandi.
Majlisda ushbu yo‘nalishda vazirlik tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilib, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish mexanizmlarini yanada kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Iqtisodiyot va moliya vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA