Keyingi yillarda iqlim o‘zgarishining salbiy yuki tobora ortib bormoqda. Markaziy Osiyo mintaqasida, shu jumladan, O‘zbekistonda ham iqlim o‘zgarishining oqibatlari yanada yaqqol namoyon bo‘layotgani kuzatilmoqda.
Mana shunday sharoitda yurtimizda ekologik holatni yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish juda muhim.
Bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, uning salbiy oqibatlarini yumshatish borasida yashil maydonlarni kengaytirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.
2025 yil 7 iyuldagi “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun ham shu maqsadga qaratilgan. Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev mazkur qonunning ahamiyati haqida munosabat bildirdi:
– Yaqin besh yilda qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan energiya ulushini 54 foizga yetkazish, buning natijasida atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini 16 million tonnaga qisqartirish hamda O‘zbekistonning Parij bitimi doirasida bug‘ gazlari chiqarishni 35 foizga kamaytirish bo‘yicha olgan majburiyatini muddatidan oldin bajarish uchun barcha sa’y-harakatlarimizni ishga solishimiz zarur.
Bu borada mamlakatimizda uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha keng miqyosdagi islohotlarni qat’iy olib borgan holda
2030 yilgacha havoga isciqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirish, “yashil” energetika ulushini 40 foizgacha oshirish maqsad qilingan.
Iqlim o‘zgarishining oldini olish, uning salbiy ta’sirlarini kamaytirish borasida, avvalambor, e’tibor sohani xalqaro hujjatlar talablari darajasiga yetkazishning samarali tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqishga yo‘naltirilmoqda.
Bugungi kunga qadar issiqxona gazlari chiqarilishini tartibga soluvchi qonun va normativ baza yaratilmagani sababli respublikada issiqxona gazlarining chiqarilishini kamaytirishda iqtisodiy, texnologik va ekologik yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyati cheklangan edi.
“Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish va buning natijasida hosil bo‘ladigan uglerod birliklari muomalasini amalga oshirish tartib-qoidalarini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqarilishining tizimli nazoratini ta’minlashga qaratilgan.
Ushbu qonun 6 bob, 29 ta moddadan iborat bo‘lib, iqtisodiyot tarmoqlarida issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Qonunning 3-moddasiga muvofiq, «issiqxona gazlari» tushunchasida suv bug‘lari ham issiqxona gazlari tarkibiga kirishi nazarda tutilgan. Suv bug‘larining issiqxona gazlari tarkibiga kiritilishi kelgusida amaliyotda turlicha qarashlarni keltirib chiqarishi, eng asosiysi, tabiiy jarayonlarda yirik suv havzalari, shuningdek, suv omborlari va boshqa sun’iy suv havzalaridan ko‘tarilayotgan suv bug‘larining issiqxona gazlari sifatida baholanishiga olib kelishi mumkinligi sababli qonunda ta’rif berilgan «issiqxona gazlari» tushunchasi qayta ko‘rib chiqilib, «issiqxona gazlari – infraqizil nurlarni tutib qoluvchi va qayta chiqaruvchi, kelib chiqishi tabiiy yoki antropogen bo‘lgan hamda Parij bitimiga muvofiq nazorat qilinadigan gazsimon moddalar tushunilishi belgilandi.
Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklashning asosiy prinsiplari belgilandi. Xususan, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ustuvorligi, davlatning xalqaro majburiyatlarni bajarishi zarurligi, tartibga solinadigan tashkilotlarning issiqxona gazlarining chiqarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarining majburiyligi va ochiqligi, issiqxona gazlarining chiqarilishini qisqartirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni bajarishning majburiyligi, issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklashga doir yondashuvlarning ilmiy asoslanganligi, tizimliligi va to‘liqligi asosiy prinsiplar hisoblanadi.
Qisqartirilgan issiqxona gazlariga egalik munosabatlari aniqlashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiriladigan “yashil” loyihalar natijasida qisqartirilgan issiqxona gazlarining hajmi davlat tomonidan to‘liq tasarruf etilishi belgilandi.
Issiqxona gazlari chiqarilishini cheklash sohasidagi davlat organlarining vakolatlari nazarda tutildi.
Issiqxona gazlarining chiqarilishining davlat tomonidan hisobini yuritish tartibi belgilandi. Bunda, issiqxona gazlari chiqarilishining davlat hisobi tartibga solinadigan tashkilotlarning xo‘jalik faoliyati yoki boshqa faoliyati natijasida hosil bo‘ladigan issiqxona gazlarining chiqarilishi to‘g‘risidagi ishonchli axborotni yig‘ish, shuningdek, davlat organlari, yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va fuqarolarni bunday axborot bilan ta’minlash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Issiqxona gazlarining chiqarilishini qisqartirish maqsadli ko‘rsatkichlari ishlab chiqiladi. Mazkur maqsadli ko‘rsatkichlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan Prezident farmonlari va qarorlariga muvofiq, issiqxona gazlarining o‘rmonlarda va boshqa tabiiy ekologik tizimlarda tutib qolinishi hisobga olingan holda va O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishni ta’minlash zaruratidan kelib chiqib belgilanadi.
Yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarni “yashil” loyihalar jumlasiga kiritish mezonlari va tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Uglerod birliklarining reyestri yuritilishi belgilandi. Bu reyestr “yashil” loyihalar, ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida muomalaga chiqarilgan uglerod birliklari, uglerod birliklarining egasi tomonidan ularni boshqa shaxsga o‘tkazish va uglerod birliklarini muomaladan chiqarish to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga oladi.
Uglerod birliklarining muomalasi “yashil” loyihalarni amalga oshirish natijasida hosil bo‘lgan uglerod birliklarini realizatsiya qilish uchun qulay iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, bunday loyihalarni ro‘yobga chiqarishga doir faoliyatni rag‘batlantirish maqsadida amalga oshiriladi.
Qonunda issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklashga doir choralar monitoringi, hisoboti va verifikatsiyasi tizimi ko‘zda tutilgan.
Yuridik shaxslarning va yakka tartibdagi tadbirkorlarning issiqxona gazlari chiqarilishini cheklash sohasidagi huquq va majburiyatlari aniqlashtirildi.
Qonun issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish va cheklash, buning natijasida hosil bo‘ladigan uglerod birliklari savdosini tartibga solish, shuningdek, issiqxona gazlari chiqarilishi bo‘yicha monitoring, hisobot va verifikatsiya tizimi asosida samarali va tizimli nazorat qilishga, Parij bitimiga asosan O‘zbekiston Respublikasini issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarining bajarilishiga yo‘l ochadi.
Mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarning jadallashishi, atrof-muhit va ekologiyaning yaxshilanishi hamda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini barqaror rivojlanishi uchun zarur sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi. Ushbu qonun 18-moddasining beshinchi qismi 2027 yil 1 yanvardan e’tiboran amalga kiritiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA