Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Eshmatov viloyatdagi issiqxona xo‘jaliklari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ekti vakillari bilan uchrashdi.
Asosiy e’tibor, joriy yilning 30 iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini oshirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlashga qaratildi.
Xususan, hududlarda issiqxona xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularga aniq va amaliy yechimlar topish borasidagi vazifalarni bajarish yuzasidan ishlar olib borildi.
.Dastlab, S.Eshmatov Qarshi tumanida barpo etilgan issiqxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
“Taraqqiyot sari servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli mazkur issiqxona 2020 yilda Janubiy Koreya texnologiyasi asosida tashkil etilgan bo‘lib, 10 million dollar evaziga 20 gektar maydonda qurilgan. Bugungi kunda to‘liq quvvat bilan ishlamoqda. U yerda asosan pomidor va bodring mahsulotlari yetishtirilib, ichki bozorlarimizga yetkazib berilmoqda.
Shu joyda viloyatda issiqxona xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 50 nafardan ortiq tadbirkorlik sub’ekti vakillari bilan muloqot o‘tkazildi va issiqxona xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilinayotgan qonun hujjatlariga asosan berilayotgan imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
[gallery-25614]
Jumladan, eksport majburiyatini olgan va muqobil isitish tizimida ishlayotgan issiqxonalarga gazdan foydalanish imkoniyati, kredit muddatining uzaytirilishi, 2028 yilgacha issiqxonada faoliyat yurituvchi xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushirilishi haqida to‘xtalib o‘tildi.
– Uchrashuvda issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilgan imtiyoz va yengilliklar haqida foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan biri. – Albatta bu imkoniyatlar kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirish, qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari tashkil qilishga imkon yaratadi.
Yuzma-yuz muloqotda tabiiy gaz, elektr va suv masalalari bilan bog‘liq murojaatlar tinglandi. Har bir murojaat ijrosi yuzasidan aniq vaqt va mas’ullar belgilab olindi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA