Avvallari yozning jazirama issig‘ida pilla parvarishlashning imkoni yo‘q edi. Bugungi kunda esa respublikamizda yiliga 4 marotaba ipak qurti boqish ommalashdi. Issiqda tut bargida suvning bug‘lanishi kuzatiladi. Qurt boquvchi fermer va kasanachilarga esa keskin ob-havo o‘zgarishiga chidamli zotlarni yetkazish zarur.
Shu sababli Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida tut ipak qurtining takroriy boqishga mo‘ljallangan, issiqqa chidamli zotlarini yaratish ustida ilmiy tadqiqotlar olib borilib, ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Tut ipak qurti odatda doimiy haroratga ega bo‘lmagan hasharot hisoblanadi. Lichinkalar kichik yoshlarida 26-27°C harorat va 75-80 foiz namlik, katta yoshlarida esa 24-25°C harorat va 65-70 foiz namlik, ular uchun me’yoriy muhit hisoblanadi.
Yaratilgan yangi takroriy qurt boqishga moslashgan, issiqqa chidamli zotlar davlat sinovidan o‘tkazilish jarayoniga tayyor. Sinovlar natijasi ijobiy baholansa, kelgusi yildan keng miqyosda bu turdagi ipak qurtlarini ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
Ipak qurtining issiq iqlimga mos zotlari yaratilishi natijasida sifati yuqori bo‘lgan pilla olinadi va bir quti ipak qurti hisobiga hosildorlik 3-4 mavsumda 65-70 kilogrammga yetkaziladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA