Kuz-qish mavsumini barqaror va uzluksiz o‘tkazish maqsadida respublika bo‘ylab issiqlik ta’minoti infratuzilmasini yangilash va ta’mirlash ishlari izchil amalga oshirildi.
Mazkur tadbirlar mahalliy byudjet mablag‘lari hamda issiqlik ta’minoti korxonalarining o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi.
"Issiqlikta’minoti" AJning ma’lum qilishicha, mahalliy byudjetdan ajratilgan 28 mlrd. so‘m hisobidan joriy yil davomida 53 ta qozon va 93 kilometr issiqlik tarmog‘i mukammal ta’mirdan chiqarildi. Kapital ta’mir natijasida ob’ektlarning texnik imkoniyatlari kengaytirilib, qish mavsumida yuklama ortganda ham barqaror ishlash imkoni yaratildi.

Shu bilan birga, issiqlik ta’minoti korxonalari o‘z mablag‘lari hisobidan 15,2 mlrd. so‘m sarflab, 598 ta qozon va 519 kilometr tarmoqda joriy ta’mir ishlarini amalga oshirdi. Bu ishlar qish davrida avariyalar xavfini kamaytirish va aholiga ko‘rsatiladigan xizmat sifati oshishiga xizmat qiladi.

Mavsum davomida barqarorlikni ta’minlash maqsadida ehtiyot qismlar va zarur texnik vositalar zaxirasi ham shakllantirildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida issiqlik ta’minoti tizimi qish mavsumiga to‘liq tayyor. Bu esa aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz, xavfsiz va barqaror issiqlik bilan ta’minlashga zamin yaratadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA