O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mutasaddilari ishtirokida "Issiqlik tizimi va uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash" mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda respublika miqyosida 38 ming 382 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, ulardan 15 ming 120 tasi markazlashgan, 5 ming 588 tasi individual issiqlik ta’minotiga ega. Ko‘p qavatli uylarning qolgan 46 foizi boshqa turdagi – konditsioner, elektr isitgichlar va qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanib kelmoqda.
Buxoro (68 foiz), Navoiy (85 foiz), Toshkent (66 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (100 foiz) markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimi mavjud, 4 ming 500 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlaridan 2 ming 500 kilometr qismi ta’mirtalab ahvolda. Tarmoq yo‘qotishlari esa 40 foizni tashkil etmoqda. Mazkur kamchiliklarni barataraf etish maqsadida 94 ta qozonxona, 930 ta qozon va 747 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari mukammal va joriy ta’mirlanishi belgilangan.

bugungi kunga qadar Andijon, Buxoro va Namangan viloyatlaridan tashqari barcha viloyatlarda 2021-2022 yil isitish mavsumi boshlandi. Isitish mavsumida birinchi navbatda, ijtimoiy soha ob’ektlari, undan so‘ng ko‘p qavatli uy-joy fondi va ma’muriy binolar issiqlik energiyasi bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Joriy yil respublika byudjeti, investitsiya dasturlari hamda qator moliyaviy jamg‘armalar hisobidan issiqlik ta’minoti tizimini tiklash yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, investitsiya dasturi doirasida 100 milliard so‘m mablag‘ hisobidan ko‘p qavatli uylarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda. “Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan Namangan shahar issiqlik ta’minotini rekonstruksiya qilish loyihasi bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Loyiha nihoyasiga yetgach, Namangan shahridagi 350 ta ko‘p qavatli uy va 37 ta ijtimoiy soha ob’ekti issiqlik ta’minoti bilan ta’minlanadi.
Mazkur jamg‘arma hisobidan Toshkent viloyatidagi ko‘p xonadonli uylarni issiqlik bilan ta’minlashga 19 million dollar ajratilgan. Loyiha natijasida viloyatdagi 868 ta ko‘p kvartirali uy va 42 ta ijtimoiy soha ob’ekti issiqlik ta’minoti bilan ta’minlanadi.
Shu bilan birga, Jahon banki ishtirokida Chirchiq shahrida amalga oshirilishi boshlangan loyiha 1 noyabrga qadar o‘z yakuniga yetkaziladi. Loyiha yakunlangach 13 ta ko‘p qavatli uy va 2 ta ijtimoiy soha ob’ekti issiqlik bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, “Orol bo‘yi mintaqasini rivojlantirish” jamg‘armasi hisobidan Xorazm viloyatida issiqlik ta’minotini yaxshilash maqsadida 2021 yil uchun 34,4 milliard so‘m ajratilgan. Loyiha natijasida viloyatdagi 78 ta ko‘p qavatli uy va 25 ta ijtimoiy soha ob’ekti issiqlik bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA