Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Issiqlik elektr stansiyalari kuz-qish mavsumining barqaror o‘tishini ta’minlay oladimi?
16:26 / 2025-10-27

Yurtimizda energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda aholi va ijtimoiy sohani barqaror energiya manbalari bilan ta’minlash maqsadida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida elektr stansiyalarida yirik ta’mirlash, modernizatsiya va yangi quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilayotir.

Bu jarayonda Yangi Angren va Navoiy issiqlik elektr stansiyalarida olib borilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasining 2-sonli energoblokida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida o‘rta ta’mirlash ishlari yakuniy bosqichga yetdi. Quvvati 300 megavatt bo‘lgan ushbu energoblokda asosiy ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, hozirda uskunalarni sinovdan o‘tkazish va sozlash ishlari davom etmoqda. Mazkur sa’y-harakatlar qishki sovuq kunlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish barqarorligini oshirish va iste’molchilarni uzluksiz energiya bilan ta’minlashga xizmat qiladi.  

Shu bilan birga, mamlakat energetika tizimiga qo‘shimcha quvvatlarni jalb etish maqsadida Navoiy issiqlik elektr stansiyasida ham mavsumga puxta taraddud ko‘rilmoqda. Shuningdek, korxona hududida 650 megavatt quvvatga ega bo‘lgan uchinchi bug‘-gaz qurilmasi barpo etilmoqda. Hozirgi vaqtda loyiha bo‘yicha 1700 nafar mutaxassis, jumladan, mahalliy va xorijiy injener-texnika xodimlari ishtirokida qurilish-montaj ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.  

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati generatsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i G‘olibjon Salimyorov qayd etganidek, bu infratuzilma ob’ekti Yaponiya, Xitoy, Hindiston va Koreya kabi mamlakatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlanmoqda. Loyihaning muhim yo‘nalishlaridan biri milliy energetika tarmog‘ining barqaror ishlashini ta’minlashdir.  

– Shu maqsadda ishlab chiqariladigan elektr energiyasini yagona energotizimga uzatish uchun 500 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmasi qurilmoqda. U Yevropa mamlakatlaridan olib kelingan yuqori sifatli transformator va energetika jihozlari bilan jihozlanadi. Navoiydagi mazkur yirik energiya qurilmasi 2026 yilda to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan. U foydalanishga topshirilgandan so‘ng mamlakat energetika tizimiga yiliga 4,8 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi va soatiga 200 gigakaloriya issiqlik energiyasi qo‘shimcha ravishda qo‘shiladi. Bu esa nafaqat ishlab chiqarish sohasida, balki aholi turmush sharoitida ham barqaror energiya ta’minotini ta’minlashga xizmat qiladi, – dedi G‘.Salimyorov.

Yuqoridagi ishlardan ko‘rinib turibdiki, energetika sohasidagi mavjud resurslarni modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va infratuzilmani yangilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi Angren va Navoiy IESlaridagi ta’mirlash va qurilish ishlari natijasida mavjud quvvatlar samaradorligi oshirilmoqda, shuningdek,  elektr va issiqlik energiyasi uzatishda ishonchlilik kuchaytirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aholi va ijtimoiy soha muassasalarini uzluksiz energiya bilan ta’minlash, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA