Bugungi kunda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan umumiy qiymati 3,2 milliard AQSH dollarga teng bo‘lgan 11 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan ushbu loyihalar ijrosi doirasida 2024 yilda 616,9 million dollarni o‘zlashtirish belgilangan.
Joriy yilning o‘tgan davrida mazkur loyihalar bo‘yicha 358,72 million dollar o‘zlashtirildi. 2023 yilning mos davrida bu miqdor 231,1 million AQSH dollarni tashkil etgan.
Shuningdek, shu yilning aprel oyida Toshkent issiqlik elektr markazida umumiy quvvati 32 MVt bo‘lgan 2 ta gaz turbina qurilmasini qurish investitsiya loyihasi yakuniga yetkazilgan.
Bugun AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati mas’ullari shular haqida ma’lumot berdi.
Unda qayd etilishicha, mazkur 11 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish natijasida mamlakat aholisi qo‘shimcha 2,3 GVt elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ozod Oxunov ta’kidlaganidek, aholi va boshqa iste’molchilarning elektr va issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish, ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashda faoliyat ko‘rsatayotgan joriy quvvatlarni eng zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish va yangi energiya samarador quvvatlarni ishga tushirish mazkur tashkilotning oldida turgan ustuvor vazifa hisoblanadi.
– Prezidentining tegishli qaror va farmoyishlari bilan issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilab berilgan. Ayni vaqtda ularda ko‘rsatilgan vazifalar jadal sur’atlarda bajarilmoqda. Ushbu yo‘nalishda faoliyatimiz O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, mahalliy banklar va xalqaro moliya institutlari – Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Xitoy banklari tomonidan faol ravishda qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shu bilan birga, yil yakuniga qadar Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti so‘nggi nuqtalarida joylashgan 6 ta mahallasida kogeneratsiya loyihalarini tatbiq etish loyihasi doirasida Olmazor va Sergeli tumanlarida kogeneratsiya qurilmalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan, – dedi O.Oxunov.
Shuningdek, matbuot anjumanida mas’ullar 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumida aholining elektr va issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish va mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida ko‘rilgan tizimli chora-tadbirlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, mavsumga tayyorgarlik doirasida tizim korxonalarida reja asosida jami 53 ta, shu jumladan, 14 ta energoblok, 28 ta qozon qurilmasi, 7 ta bug‘-gaz qurilmasi, 1 ta turboagregat va 3 ta gaz-turbina qurilmasida ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan va belgilangan ishlar ortig‘i bilan bajarilgan. Elektr stansiyalardagi tezkor guruhlar tomonidan kamchiliklar aniqlangan 11 ta energiya qurilmasida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari olib borilgan. Mavjud elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 291 MVt va issiqlik ishlab chiqarish samaradorligi 235 tonna soatga oshirilishiga erishilgan.
–“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining 10 ta issiqlik markaziga qarashli 60 ta qozon agregatidan 15 tasida mukammal, 45 tasida joriy ta’mirlash ishlari olib borildi, – dedi“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ generatsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i G‘olib Salimyorov. – Kuz-qish mavsumi davrida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan 26,8 milliard kilovatt soat elektr energiyasi va 9,2 million Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun 6,2 milliard metr kub tabiiy gaz, 2,8 million tonna ko‘mir va 100 million metr kub yer osti gazi sarflanishi rejalashtirilgan. Zarur holatlarda zaxira yoqilg‘isi sifatida mazut ishlatiladi.
[gallery-19777]
Tadbirda ma’lum qilinganidek, ayni chog‘da barcha elektr stansiyalari va markazlarida navbatchilik asosida energoqurilmalarning uzluksiz ishlashi jarayonini muvofiqlashtiruvchi maxsus tezkor shtablar faoliyati shakllantirilgan. Ular tarkibiga 2 mingdan ortiq malakali mutaxassis va 112 ta maxsus texnika biriktirilgan. Rahbar va mas’ul mutaxassislardan iborat 10 ta tunu kun faoliyat olib boruvchi navbatchilik guruhlari ishi yo‘lga qo‘yilgan.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA