Joriy yilning 11 yanvarida “Fitch Rating” xalqaro reyting agentligi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatining xalqaro indikativ reytingini “BB" — “Barqaror” darajada deb baholadi va O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingiga teng darajada e’lon qildi. Bu haqda mazkur jamiyatning matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlash lozimki, xalqaro reyting ko‘rsatkichlari yilda bir marotaba yangilanadi. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ 2023 yilning yanvar oyida ilk bora “BB“ — “Barqaror” kredit reytingi bilan baholangan. Oradan bir yil o‘tib, ushbu “BB“ — “Barqaror” kredit reytingini saqlab qolishga erishildi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ga mazkur darajani berishdan avval “Fitch Rating” xalqaro reyting agentligi mutaxassislari tomonidan bir yil davomida jamiyatning faoliyati tahlil qilindi. Bunda aksiyadorlik jamiyatining nafaqat moliyaviy-iqtisodiy va biznes strategiyasi holati o‘rganildi, balki moliyaviy modeli barqarorligi hamda korporativ boshqaruv tizimi, ishlab chiqarish jarayonlari hamda boshqa yo‘nalishlar ham chuqur tahlil qilindi.
Yana bir muhim jihat, jamiyatga kiritilayotgan investitsiya ko‘lamining jozibadorligi va uni boshqarish salohiyati, kredit yukini kerakli darajada nazorat ostiga olish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli islohotlar samarasi mazkur ijobiy natijaga erishishga xizmat qildi.
“BB“ darajasi kredit xavflari mavjud bo‘lishi mumkin ekani, biroq kompaniya investorlar va kreditorlar oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajara olishini bildiradi.
Shuningdek, mazkur reyting “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ni jahonning investitsiya bozorlarida aniq va ravshan biznes strategiyasi va shaffof moliyaviy holati hamda kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega korxona pozitsiyasini saqlab qoladi.
N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA