Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqarma boshlig‘i Nargis Valiyevaning ma’lum qilishicha, mazkur tashkilot va uning tarkibidagi korxonalar hamda markazlari tomonidan 2024 yil bahor mavsumida 61 ming 949 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chati o‘tqazilgan. Bu belgilangan rejaga nisbatan 119 foizni tashkil etgan.
Kuz mavsumida esa 67 ming 958 dona ko‘chat ekilib, belgilangan vazifalar 108 foizga bajarilgan. Barcha o‘tqazilgan ko‘chatlarga ID raqamlar berilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.
Ta’kidlanganidek, 2021 yildan buyon 400 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi ta’minlandi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, alternativ energiya manbalarini rivojlantirish maqsadida quvvati 16,3 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari qurib foydalanishga topshirildi. Bu stansiyalar nafaqat elektr stansiyalari ehtiyojlari uchun ishlaydi, balki atrof-muhitga zararli moddalar chiqindisini kamaytirish imkonini ham beradi.
2024 yilda 20,2 million kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 3,9 million metr kub tabiiy gaz tejaldi. Shu bilan birga, 50,1 tonna ifloslantiruvchi moddalar hamda 8,3 ming tonna SO2 gazi atmosferaga chiqishining oldi olindi. Shuningdek, elektr stansiyalarining ichki va tashqi hududlarini yoritishda ham alternativ energiya manbalaridan foydalanilmoqda.
Quyoshdan quvvatlanuvchi avtonom yoritish chiroqlari, sensorli harakat datchiklari va chastota o‘zgartirgich qurilmalar joriy qilindi. Natijada 1,3 ming kVt.soat avtonom quyosh yoritish chiroqlari hisobiga, 7,9 million kVt.soat esa sensorli datchiklar hisobiga tejaldi. Quyosh suv isitish qurilmalari orqali 179 ming metr kub tabiiy gaz tejaldi.
Atmosferaga chiqindilar ta’sirini kamaytirish va monitoring yuritish maqsadida To‘raqo‘rg‘on, Talimarjon, Angren issiqlik elektr stansiyalarida, shuningdek, Toshkent va Farg‘ona issiqlik elektr markazlarida avtomatik nazorat stansiyalari o‘rnatildi. Hozirda To‘raqo‘rg‘on va Talimarjon stansiyalari ma’lumotlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining “Yagona geoaxborot” bazasiga integratsiya qilingan.
Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasida mavjud elektrofiltrlar mukammal ta’mirlanib, ularning samaradorligi 84 foizdan 96 foizga oshirildi. Shuningdek, Angren issiqlik elektr stansiyasida kul ushlab qoluvchi siklonlar yangisiga almashtirildi.
Toshkent shahri aholisini barqaror elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Chilonzor va Olmazor tumanlarida zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari qurilib foydalanishga topshirildi. Hozirda Sergeli tumanida ham shunday qurilma bunyod etilmoqda.
2025 yilda 69 ming 702 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chati o‘tqazish rejalashtirilgan. Shuningdek, 32 gektar yer maydonida “yashil belbog‘”lar barpo etilib, 23 gektar yerda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinadi.
Tizimda alternativ energiya manbalarini keng joriy etish maqsadida 2025 yilda quvvati 240 MVt bo‘lgan uchta quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida qo‘shimcha ravishda atmosferaga 751,5 tonna ifloslantiruvchi moddalar hamda 124,5 ming tonna SO2 gazi chiqishining oldi olinishi kutilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA