Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedov bu haqda ma’lumot berdi.
Unda ta’kidlanishicha, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan 2024 yilning 1-yarim yilligida 17 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan va bu rejaga nisbatan 111,8 foizni tashkil etgan.
Bundan tashqari, Investitsiya dasturiga asosan 257,8 million AQSH dollariga teng mablag‘ o‘zlashtirilgan. Xususan, investitsiya loyihalari doirasida ayni paytda “Talimarjon IES”da umumiy quvvati 1065 MVt va “Navoiy IES”da quvvati 650 MVt bo‘lgan zamonaviy, energosamarador bug‘-gaz qurilmalarini bunyod etish bo‘yicha qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
–Tashkilotimiz oldida turgan muhim vazifalardan biri mahsulot tannarxini pasaytirish hisoblanadi. Shu maqsadda olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 2024 yilning yanvar-iyun oylarida mahsulot tannarxi 758,9 milliard so‘mga pasaytirilib, reja 105,2 foizga bajarildi. 2024/2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida jami 53 ta energo ob’ektda, shu jumladan, 14 ta energoblok, 1 ta turbo generator, 28 ta qozon agregati, 7 ta bug‘-gaz qurilmasi, 3 ta gaz-turbina qurilmalarini mukammal, o‘rta va joriy ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan. Mavsumga tayyorgarlik joriy yilning fevral oyidan boshlangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 6 ta energoblok, 5 ta bug‘-gaz qurilmasi, 17 ta qozon agregatlarida ta’mir ishlari yakunlandi. 4 ta energoblok va 8 ta qozon agregatida mukammal hamda o‘rta ta’mir ishlari amalga oshirilmoqda. Rejalashtirilgan ta’mir ishlari to‘liq amalga oshirilishi natijasida energiya qurilmalarining mavjud quvvati 281 MVt hamda qozon qurilmalarning ishlab chiqarish quvvati 150 tonna/soatga oshirilishiga erishiladi, – dedi M.Bekmuhammedov.
Jamiyat tizimidagi “Toshkent issiqlik markazi” qozonxonalarida energo qurilmalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari olib borilayapti. Xususan, ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan 15 ta qozon qurilmalaridan 8 tasi shay holatga keltirildi, 5 ta qozon qurilmalarida ta’mirlash ishlari davom etmoqda.
Tadbirda 2024 yil yanvar-iyun oylarida Mahalliylashtirish dasturi doirasida 32,1 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, reja ko‘rsatkichi 101,1 foizga bajarilishi ta’minlangani hamda import hajmi 9,3 million AQSH dollariga qisqartirilib, bunda reja 122 foizga bajarilgani ta’kidlandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA