Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Issiqko‘l forumi “Faxriy yorlig‘i” topshirildi
11:00 / 2023-10-27

Dunyo adabiyoti va badiiy tafakkurining takrorlanmas vakili, zamonaviy turkiy adabiyotning yorqin siymosi Chingiz Aytmatov nomi har bir o‘zbek kitobxoni uchun qadrlidir.

1986 yili uning tashabbusi bilan Issiqko‘l bo‘yida o‘tkazilib, Issiqko‘l forumi nomini olgan xalqaro anjuman dunyo muammolarini ko‘tarib chiqib, ularni yechish yo‘llarini izlagani bilan ham shuhrat qozondi.

O‘zbek ziyolilari atoqli adib Chingiz Aytmatov sa’y-harakatlarini har doim qo‘llab-quvvatlab keldi. O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari – gazeta-jurnallar, ayniqsa, o‘sha paytlarda yuz minglab nusxalarda aholining barcha qatlamlari orasiga yetib borib, ko‘pchilikning ko‘nglidagi gaplarni topib aytgan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftalik gazetasi sahifalaridagi chiqishlarda ulug‘ yozuvchining g‘oyalari insoniyatning istiqboliga xizmat qilishini baralla ayta boshlashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasini bugungi kunda o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishiga aylantirgan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi keyingi yillarda Markaziy Osiyo, turkiy dunyo, jahon adabiyoti namunalarini berib borishni, adabiyot muammolarini o‘rtaga olib chiqishni o‘zining qutlug‘ an’anasiga aylantirdi. Ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan bunday sa’y-harakatlar o‘zbek-qirg‘iz munosabatlariga o‘z sahifalarida keng joy bergan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining forum tashkilotchilari nazariga tushishiga ham sabab bo‘ldi. Joriy yilning 26 oktyabr kuni Bishkekda Forum prezidenti Asqar Aytmatov Chingiz Aytmatov nomidagi Xalqaro Issiqko‘l forumi Faxriy yorlig‘ini “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftalik gazetasiga berilishini ma’lum qilib, uni imzoladi va shu kuni Samarqand viloyatidagi Abdulhamid Majidiy nomidagi Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligi munosabati bilan sahnalashtirilgan “Erta qaytgan turnalar” asari asosidagi pesa taqdimotida uni gazetaning Bosh muharriri Humoyun Akbarovga topshirdi.

Bu e’tirof gazeta ijodiy jamoasini xushnud etib, yangi-yangi ijodiy parvzlar sari undaydi.

Umida Yaxshiboyeva, O‘zA