Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Isroilning jurnalistlarga bo‘lgan adovati keskinlashmoqda
14:26 / 2024-01-22

Xalqaro jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi Isroilni jurnalistlarni ta’qib etuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. Mamlakat «matbuot xodimlari uchun eng yomon davlatlar» ro‘yxatida oltinchi o‘rinni egalladi, deb xabar bermoqda «TRT» kanali. Hisobotda keltirilishicha, Isroil bu ro‘yxatga birinchi marotaba kiritilgan.

Shuningdek, jurnalistlar uchun eng yomon davlatlar Xitoy va M’yanma bo‘lib qolmoqda, bu davlatlarda so‘z erkinligini bostirish uzoq tarixga ega. 2023 yilda har ikki davlat 40 dan ortiq jurnalistni qamoqqa tashlagan. Reytingda ulardan keyin Belarus, Rossiya va Ve’tnam bor. O‘tgan yili dunyo bo‘ylab jami 320 nafar jurnalist va boshqa OAV xodimlari hibsga olingan. G‘azo mojarosi boshlanganidan beri Isroil kamida 19 falastinlik jurnalistni hibsga oldi.

Isroil qonunlariga ko‘ra, bosib olingan hududlardagi odamlar noma’lum muddatga sud va tergovsiz hibsda saqlanishi mumkin. Ma’muriy qamoqqa olish amaliyoti Isroil harbiylariga odamlarni faqat shubha asosida hibsga olish imkonini beradi. Ba’zi falastinliklar rasmiy ayblovlarsiz bir necha yillab umrlarini qamoqda o‘tkazishmoqda.

Xalqaro jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi ijrochi direktori Jodi Ginsbergning aytishicha, Isroilning jurnalistlarni ta’qib etuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritilishi, Isroil jurnalistlarning G‘azodagi harbiy tajovuziga qarshi har qanday tanqidini bostirish uchun keskin choralar ko‘rayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.

“Isroil falastinlik jurnalistlarning ovozini o‘chirish uchun dahshatli usullardan foydalanmoqda. Bu amaliyotni to‘xtatish kerak”, - degan Ginsberg.

Isroilning “B'tselem” inson huquqlari tashkiloti esa har qanday falastinlik hibsga olinishi mumkinligini aytmoqda. Masalan, “har qanday shaxs mintaqa harbiy qo‘mondonligining buyrug‘i bilan, maxfiy hujjatlar asosida sudsiz hibsga olinishi mumkin, nima sababdan hibsga olingani mazmuni mahbusning o‘ziga oshkor etilmaydi. Bu esa mahbuslarni noaniq ayblovlarga duchor qiladi, ularni esa inkor etishning iloji yo‘q, qachon ozod etilishini ham bilmaydi va ularga qo‘yilgan ayblovlardan ham o‘zini himoya qila olmaydi” – deydi huquq himoyachilari.